Samarqand iqtisodiyot va servis institutining yangi yotoqxonasi foydalanishga topshirildi

Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi 240 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, Samarqand shahar, Rudakiy ko‘chasi 229-uy manzilida joylashgan.

Yotoqxona “Samarqand Sheben klass” MChJ tomonidan barpo etilib, qurilish ishlariga 8,5 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.

Institut rektori Muhiddin Po‘latovga ko‘ra, mazkur yotoqxonada talabalar uchun zarur qulayliklar yaratilgan. Biroq muassasada to‘qqiz ming nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Shundan to‘rt ming nafari kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydi va 1600 nafar talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. Shuning uchun 2024-2025 o‘quv yilida ushbu hududda yana bitta 600 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi.

Institutga qarashli 375 o‘rinli talabalar yotoqxonasida esa 1,2 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari olib borilgan. Joriy yil 615 nafar talaba yotoqxonalarga joylashtiriladi va qolgan talabalarga ijara uylaridan joy topishlari uchun institut tomonidan yordam beriladi.