SamISI: Magistraturaga qabul va o‘qishni ko‘chirish borasida shaffof mexanizm yo‘lga qo‘yildi
Bundan keyin magistraturaga qabul qilishda hech qanday inson omili rol o‘ynamaydi. Barchasi raqamlashgan holda onlayn tarzda amalga oshiriladi, talabgorlardan imtihonlarda qatnashish talab etilmaydi. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Muhiddin Po‘latov jarayonlar bo‘yicha o‘zining shu haqdagi maqolasida so‘z yuritadi:
Joriy o‘quv yilidan magistraturaga qabul qilish hamda talabalar o‘qishini ko‘chirish borasidagi o‘zgarishlar ham oliy ta’lim muassasalari uchun, ham talabalar uchun har tomonlama qulay bo‘lganini qayd qilib o‘tish o‘rinli.
Yuqorida aytilganidek, magistraturaga qabul qilishda hech qanday inson omili rol o‘ynamaydi, barchasi raqamlashgan holda onlayn tarzda amalga oshiriladi, talabgorlardan imtihonlarda qatnashish talab etilmaydi. Shunchaki, bakalavriatda yaxshi baholarga o‘qigan bo‘lsa hamda chet tili bo‘yicha sertifikati bo‘lsa bas, marhamat, magistraturaga imtihonsiz kirib o‘qishi mumkin. Endilikda nomzodlar bakalavriatda olgan baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi va chet tilini bilish darajasi bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikat balliga qarab, ballar ketma-ketligi asosida saralab olinadi.
Chet tili sertifikati borasida bo‘layotgan ayrim e’tirozlar borasida aytish mumkinki, bugungi kun pedagogi, ayniqsa oliy ta’lim tizimida dars berishni niyat qilgan har bir mutaxassis zamonaviy xorijiy tillarni bilishi talab etiladi. Xorijiy tillarni bilmasdan ta’limni rivojlantirib bo‘lmaydi.
Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, joriy o‘quv yilidan boshlab kontrakt asosida magistraturada o‘qiydigan xotin-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berilishi belgilanganligi xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovini oshirish borasidagi ulkan qadam bo‘ldi.
Endilikda yozgi qabulda magistratura kvotalari to‘lmay qolgan taqdirda, yanvar oyida ham qabul o‘tkazilishi mumkin. Buning uchun hujjatlar dekabr oyida qabul qilinadi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab talabalar o‘qishini davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha quyidagicha tartib joriy etildi:
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishda:
- talabadan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar, boshqa ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha test sinovlari o‘tkaziladi;
- o‘tish balidan past ball to‘plagan talabalar bakalavriatga qabul qilishdagi tartibga muvofiq tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi;
- xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga ruxsat etilmaydi.
Davlat oliy ta’lim muassasasining biridan boshqasiga talabalar o‘qishini ko‘chirishga faqatgina quyidagi ikki holatda ruxsat beriladi:
- talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda;
- davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun murojaat qilganda, tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida.
Talabalar o‘qishini respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan:
- davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish xuddi xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlaridan ko‘chirish tartibida;
- davlat oliy ta’lim muassasalarining mos va turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirish o‘rnatilgan tartibda, tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi.
Aytish mumkinki, shu kunga qadar ko‘plab abituriyentlar keyinchalik boshqa yo‘nalishlarga o‘qishini ko‘chirishni rejalashtirib, kirish ballari past bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirib kelar edi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab joriy qilingan tartibga ko‘ra bunday holatlarning oldi olinadi. Abituriyentlardan qunt bilan o‘qish, zamonaviy bilimlarni puxta egallash talab etiladi.