SamISIda qo‘shma dastur asosida o‘qiydigan talabalarga zamonaviy o‘quv xonalari foydalanishga topshirildi
Bugun Samarqand iqtisodiyot va servis institutida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar asosida ta’lim oluvchi talabalar uchun maxsus auditoriyalar yangidan jihozlanib, foydalanishga topshirildi.
- Ushbu yangidan ta’mirlangan o‘quv binosi talabalarimizning zamonaviy bilimlarni egallashlariga, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida rivojlanayotgan yurtimizning siyosatiga to‘liq mos keladi, – dedi tadbirni ochib bergan institut rektori Muhiddin Po‘latov.
Binoni ta’mirlash va jihozlash jarayonlari 2020 yilning sentyabr oyida boshlanib, dekabr oyida foydalanishga topshirildi.
O‘quv auditoriyalari ultrabuk, planshet, smart ekran va shu kabi eng zamonaviy jihozlar bilan jihozlangan bo‘lib, keng va yorug‘, bugungi kunning yetuk kadrlarini yaratib berish uchun barcha qulayliklarga ega. Har bir xona yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan, hamkorlikda olib boriladigan darslar, konferensiyalar hamda ilmiy anjumanlarni o‘tkazish uchun qulay.
Institut Tambov davlat universiteti, Vladimir davlat universiteti, Qozon davlat universiteti, Varshava davlat universitetlari bilan 3+1 qo‘shma dasturi asosida kelishuv imzolagan. Institutda qo‘shma dastur asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar 3 yil ushbu institutda, 1 yil xorij oliy ta’lim muassasasida tahsil oladi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti axborot xizmati.