SamISI Ispaniyaning Huyelva universiteti bilan hamkorlik qiladi
Bugungi kunda har bir davlatning rivojlanish darajasi nafaqat ijtimoiy, iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan belgilanadi, balki ko‘p jihatdan oliy ta’lim muassasalarida shakllanadigan intellektual salohiyat bilan tavsiflanadi. Zero, aynan ta’lim tizimida yaratilgan ilmiy-texnika taraqqiyotining asoslari mamlakatning barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlovchi muhim omili hisoblanadi. Shuning uchun ham barcha mamlakatlarda ta’limni rivojlantirish, aholining intellektual salohiyatini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekistonda ham aholining kasbiy, intellektual va ma’naviy salohiyatini har tomonlama rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mamlakatimizni rivojlantirishning “O‘zbekistan - 2030” strategiyasida har bir oliy ta’lim muassasasi xorijiy yetakchi universitet va markazlar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatishi, TOP – 500 talikka kiruvchi universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini yaratish orqali ikki tomonlama diplom tizimini joriy qilish, O‘zbekistonning 10 ta oliy o‘quv yurtini dunyodagi TOP - 1000 reytingiga kiritishga erishish, 30 ta OTMni xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish kabi vaziflar belgilangan.
Ushbu vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilning 23-24 noyabr kunlari O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiya Ispaniyaning Kadis universiteti bazasida tashkil etilib, unda ta’lim hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama etildi, davra suhbati hamda o‘zbek – ispan markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti Ispaniya Qirolligi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligini 2012-2013 yillardan boshlagan. Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida turli loyihalarda Ispaniyaning bir qator oliygohlari bilan birgalikda faoliyat olib borilgan. Jumladan, CANEM I, CANEM II, KA 107 loyihalarida hamkorlikda ishlaganmiz. Keyinchalik Ispaniyaning Granada va Las Palmas De Gran Kanariya universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan va talaba-xodimlar akademik mobilligi yo‘lga qo‘yilgan, qisqa va uzoq muddatli stajirovkalar amalga oshirilgan. Erasmus+ dasturi doirasida 2017 yilda Granada universiteti (UGR) bilan anglashuv memorandumi imzolangan.
Ispaniya Yevropaning yetakchi ta’lim markazlaridan biri bo‘lib, keng doiradagi, yuqori darajadagi oliy ta’lim dasturlarini taklif etadi. Ispaniya universitetlari yuqori xalqaro e’tirofga ega va dunyodagi eng yaxshilar qatoriga kiradi. 2023 QS World University Rankings reytingida dunyodagi eng yaxshi 1000 ta universitetning 24 tasi Ispaniyada joylashgan (QS Quacquarelli Symonds Limited). 2023 Times Higher Education World University Rankings reytingida esa eng yaxshi 1000 ta universitetidan 27 tasi Ispaniyaga tegishli (THYe - Times Higher Yeducation). Mamlakatning 5 ta eng nufuzli universiteti barqaror ravishda top - 300 oliygohlar qatorida yuradi.
Ispaniyadagi oliy ta’lim (Enseñanza Universitaria) umumevropa va jahon standartlariga, shuningdek, Boloniya jarayoni normalariga muvofiq uch bosqichda olib boriladi:
- Grado – bakalavr darajasi;
- Máster – magistr darajasi;
- Doctorado – doktorantura darajasi.
Ispaniya ta’lim tizimi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun to‘lovlarni talab qiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, oliy ta’lim faqat oliy ta’lim muassasalarida olinadi. Davlat universitetlari xususiy universitetlarga qaraganda nufuzli hisoblanadi. Ispaniyadagi barcha universitetlar avtonomdir va talabalar dasturiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega. Universitetlarda o‘quv yili odatda oktyabrdan iyungacha davom etadi. Ko‘pgina ispan universitetlari faqatgina ispan tilida ta’lim beradi. Xorijiy abituriyentlarga ispan tilida tayyorlov kurslari taklif etiladi, ular huquq, iqtisodiyot, tibbiyot va boshqa sohalarga ixtisoslashgan bo‘lishi mumkin. Har yili ispan universitetlarida ingliz tilidagi dasturlar soni ortib bormoqda.
Ispaniyaning Kadis universiteti bazasida o‘tkazilgan konferensiyada ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish, ikki davlatda oliy talim transformatsiyasi kabi mavzularga bag‘ishlandi.
Ushbu konferensiya doirasida rektorlar tomonidan O‘zbekiston va Ispaniya ta’lim tizimlari to‘g‘risida taqdimotlar hamda davra suhbatlari o‘tkazildi.
SamISI va Ispaniya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida bakalavriatda turizm, magistraturada iqtisodiyot, menejment yo‘nalishlarida akademik almashinuvni tashkil etish, turizm va servis yo‘nalishi talabalarining amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish, magistrant va doktorantlar stajirovkasini tashkil etish, Erasmus+ dasturi doirasidagi tanlovlarda hamkorlikda tayyorlagan loyihalar bilan qatnashish, Ispaniya universitetlari professor-o‘qituvchilarining bizning institut tomonidan tashkil etilgan ilmiy konferensiya va seminarlarda qatnashishini ta’minlash hamda qo‘shma doktoranturalarni tashkil etish kabi takliflar ilgari surildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Ispaniyaning Huyelva universitetlari o‘rtasida xalqaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti (SamIES) va Huyelva universiteti (UHU) o‘rtasida hamkorlik istiqbollari juda keng. Har ikki oliygoh o‘z mamlakatlarida iqtisodiyotning turli sohalariga malakali kadr tayyorlab beruvchi yetakchi oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi.
Hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri bu talabalar va o‘qituvchilar almashinuvidir. Biz bu borada qo‘shma almashinuv dasturlarini ishlab chiqishimiz mumkin.
Bundan tashqari Huyelva universiteti bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy maqolalar va adabiyotlar nashr etish, shuningdek, konferensiya va seminarlar tashkil etishda hamkorlik qilmoqchimiz.
Mamlakatimiz va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash, turli yo‘nalishlarda hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Muhiddin Po‘latov,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori.