Samolyot bortida sigaret chekkan 70 yoshli yo‘lovchi jarimaga tortildi

"Uzbekistan Airports" matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 12 iyun kuni "Toshkent — Samarqand" yo‘nalishi bo‘yicha parvoz vaqtida 70 yoshli ayol samolyot hojatxonasida sigaret chekishni boshlagan.

Tamaki mahsuloti hidini sezgan bort kuzatuvchilari yo‘lovchiga samolyot bortida chekish qat’iyan taqiqlanganligini tushuntirishga harakat qilgan. Bunga javoban ayol o‘z noroziligini bildirgan.

Bort kuzatuvchilari vaziyat haqida samolyot komandiriga xabar bergan va komandir Samarqandga yetib kelgach, huquq-tartibot xodimlarini chaqirishga qaror qilgan.

Samolyot bortida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilgani uchun yo‘lovchiga nisbatan huquq-tartibot organi xodimlari tomonidan bazaviy hisoblash miqorini (BHM)ning ikki baravari miqdorida (660 ming so‘m) jarimani nazarda tutuvchi ma’muriy bayonnoma tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz: samolyot bortida chekish qat’iyan man etiladi. Bu MJtKning 122-moddasi 2-qismi bilan tartibga solingan. Bundan tashqari, bortda chekish nafaqat boshqa yo‘lovchilar uchun yoqimsiz, balki juda xavfli ekanligini ham tushunish lozim. Bu samolyotda xavfli tutun chiqishi, yong‘in chiqishi hamda aviahalokatga olib kelishi mumkin.