O‘zbekistonda «Silk Avia» aviakompaniyasi tashkil etiladi, uchish narxlari temir yo‘l tariflari kabi bo‘ladi
«Uzbekistan Airports» AJ O‘zbekiston Transport vazirligi tashabbusi bilan «Silk Avia» mintaqaviy sho‘’ba aviakompaniyasini tashkil etmoqda. Yangi aviatashuvchi parvozlarni kelgusi yildan boshlashni rejalashtirmoqda.
«Silk Avia» aviakompaniyasi Dubay shahrida 14-18 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan «Dubay Airports-2021» xalqaro aviasalon doirasida joriy yilning sentyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan.
- Biz bozorda o‘zbekistonliklar uchun arzon narxlarda ichki aviatashuvlarni ta’minlaydigan aviakompaniya tashkil etishni maqsad qilib qo‘ydik, - deydi «Uzbekistan Airports» AJ boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva. - Yaqin vaqtgacha O‘zbekiston shaharlarini bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovlarning yo‘qligi katta muammo edi. Samarqanddan Xorazmga borish uchun yo‘lovchilar Toshkent orqali uchishlari kerak edi. Bizning vazifamiz — ichki tashuvlarni nafaqat «point to hub» (poytaxtdan hududlarga), balki «point to point» (mintaqalar orasida) modeli asosida ham tashkil etishdir. 40 ga yaqin yo‘nalishlar va 70 kishiga qadar yo‘lovchi tashish quvvatiga ega mintaqaviy samolyotlarni sotib olish rejalashtirilgan. Tariflar temir yo‘l tariflariga muvofiqlashtiriladi. Bu ichki turizmni rivojlantirishga va iste’molchi uchun aviachiptalarning yakuniy qiymatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Yangi aviakompaniya mintaqaviy aeroportlarni rivojlantirish uchun ham zarur. Shu bois, uni birinchi bosqichda «Uzbekistan Airports» boshqaruv kompaniyasi yaratmoqda. Kelgusida aviakompaniya xususiy sektorga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ta’kidlash joizki, «Silk Avia» o‘zini «Uzbekistan Airways» milliy aviatashuvchisining raqibi sifatida namoyon qilmaydi, balki ichki tashuvlarni tashkil etish bo‘yicha hamkor sifatida faoliyat yuritadi.