SamVMI rektori oliygohning Nukus filiali yoshlari bilan uchrashdi

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti rektori, professor Xudaynazar Yunusov oliygohning Nukus filiali talaba-yoshlari, professor o‘qituvchilari bilan uchrashdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, SamVMI tashkil etilgandan buyon institutning Nukus filialiga bunday tashrif birinchi bor amalga oshirilmoqda. Shuning uchun ham mazkur uchrashuv filial faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Nukus shahrining A.Utepov ko‘chasi, 31-manzilida joylashgan mazkur ta’lim muassasasida ayni kunda 120 nafardan ziyod qoraqalpoq yoshlari tahsil olmoqda. Ularga 25 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim berishadi.

Institut rektori uchrashuv davomida Nukus filiali bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish to‘g‘risida, filial direktori - biologiya fanlari nomzodi, dotsent Adilbay Yesimbetov boshchiligidagi professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlarning takliflarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Ya’ni, ikkinchi semestrdan boshlab filial talabalari mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha, ichki almashinuv dasturiga muvofiq Samarqand veterinariya meditsinasi institutiga bir oy muddatga o‘qishga yuboriladi.

Muloqot so‘nggida Nukus filialining faol talabalariga mutaxassislikka oid adabiyotlar, qo‘llanmalar va badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari talabalar turar-joyi, u yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mas’ul mutasaddilar bilan muloqotda bo‘ldi.

SamVMI axborot xizmati.