Sana: 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Ushbu kun 1925 yil Jenevada bolalar farovonligiga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasida ta’sis etilgan bo‘lsa, oradan 25 yil o‘tib, 1950 yildan bayram sifatida nishonlab kelinadi.

Ya’ni, 1949 yilda Parijda ayollarning xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior yangradi. Urushdan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha mitti bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylanib qolgan edi.

1989 yilda BMT Bosh Assambleyasi bolalar huquqlari to‘g‘risida Konvensiya qabul qildi. Unda butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni joriy qilish to‘g‘risida yozilgan.

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir. Binobarin, ularni asrab-avaylash, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir davlat, har bir oila, har bir ota-onaning muqaddas burchidir.