San’at va madaniyat xalqqa, millatga xizmat qilsin

Yangi O‘zbekiston haqidagi tasavvurimiz islohotlar jarayonida kundan kunga teranlashib, yorqinlashib boryapti. Aslida bu g‘oyaning mohiyati juda oddiy: inson o‘zini o‘zi, jamiyatni esa uning a’zolari, ya’ni jamiyat boshqarishi kerak. Boshqarish esa hayotning og‘ir-yengil va uvol-savobini zimmasiga olish degani. Davlatimiz rahbari “Endi islohotlar tashabbuskori davlat emas, jamiyat bo‘ladi, rahbarlar faoliyatiga xalq baho beradi”, deganda ana shu g‘oyani nazarda tutgan.

Xo‘sh, butun dunyoda tojdor virus xavfi kuchaygan, iqtisodiy inqiroz davom etayotgan bir paytda davlat rahbari nega ushbu farmonni imzoladi?

Chunki globallashuv jarayoni faqat iymon-e’tiqodli, ma’naviy yuksak millatgina bugungi sinovlarga bardoshli ekanini ko‘rsatdi.  Buning ustiga bizda yillar davomida siyosiy islohotlarda bir yoqlamalikka yo‘l qo‘yildi. Jamiyatning barcha bug‘inlari birdek kuchga ega bo‘lmadi. Inchunin, juda ko‘p tarmoq va sohalarning huquqiy va moddiy asosi bir-biriga mos kelmasdi. Natijada jamiyatda ayrim tashkilotlar ustuvorligi sezildi. Aksincha, boshqalarida shu tarzga ko‘nikish paydo bo‘ldi.

Davlat rahbarining Parlamentga Murojaatlari bunday qarashlarga birinchi bo‘lib zarba bergan edi. Darvoqe, bu chiqishlar mamlakatda oshkoralikning yangi bosqichiga ham yo‘l ochdi. Murojaatlardagi g‘oyalar asosida qabul qilingan hujjatlarda eng avvalo, jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror toptirish, shu orqali xalqning ijtimoiy faolligini, ya’ni o‘zi, oilasi, Vatani taqdiri uchun mas’uliyatini oshirish, yaxshi tashabbus, yaxshi so‘zni rag‘batlantirish mezon qilib olindi. Dastur va loyihalar kabinetda yoki ixcham davralarda emas, balki xalq bilan maslahatlashgan holda, odamlar ehtiyoji va talabi asosida shakllantirila boshlandi. E’tibor qilganmisiz, keyingi uch yilda bizda isloh qilinmagan soha qolmadi hisob.

Prezident Sh.Mirziyoyevning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ana shu nuqtai nazardan yondashmoq lozim. To‘g‘ri, bu borada dastlabki qadamlar bor edi. Men davlat rahbarining ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi hamda mintaqalarga tashrifi chog‘ida san’at, madaniyat muassasalari qurilishi bo‘yicha bergan takliflarini, maqom va baxshichilik festivallarini nazarda tutyapman. Ammo ijodkor ziyoli sifatida yaqin 50 yil ichida madaniyat va san’at sohasida bu qadar keng qamrovli, puxta va majmuaviy hujjat qabul qilinganini eslay olmayman. Sohadagi dalzarb vazifalar shu qadarli aniq belgilab berilganki, ayrimlari bo‘yicha hatto “Yo‘l xaritasi”ga ham hojat qolmagan.

Ushbu Farmon g‘oyasi, vazifasi va maqsadini uning matnidan bilib olish qiyin emas. Qolaversa, soha xodimlari muhokama chog‘ida o‘z vazifalarni yanada aniqlab olishadi. Kamina ushbu hujjatlarning ijtimoiy ahamiyati xususida to‘xtalmoqchiman. Buni quyidagilarda ko‘rish mumkin:

Birinchidan, madaniyat va san’at shaxsiy emas, balki milliy manfaatga xizmat qilishi lozim. Milliy manfaatni esa Mahmudxo‘ja Behbudiy “Teatr bu ibratxonadur” degan iborasi orqali juda chiroyli ifoda etgan. Demak, madaniyat va san’at millat tarbiyasi uchun mas’ul.

Ikkinchidan, xuddi ma’naviy boylik kabi iqtidor va mahorat ham milliy qadriyat, jamiyat mulki sifatida e’zozlanishi zarur. E’zozlanishi uchun odamlar san’at asari ta’sirida o‘zida yaxshi fazilatlarni tarbiyalay olsin. Bu borada davlat va xalq e’tirofi bir-biriga mos kelmog‘i kerak. Gap kamchilik tomoshabin uchun yaratilayotgan yoki ijro etilayotgan asarlar yaratgan ijodkorlar emas, balki o‘z sohasida maktab yarata olgan san’atkorlar xususida bormoqda.

Uchinchidan, Farmon san’atkorning jamiyatdagi o‘rni haqida xalq o‘rtasida, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan juda ko‘p bahs-munozarlarga oqilona yakun yasadi, desak ham bo‘ladi. Chunki san’at jamoasining (qo‘shiqchilikda ham, kino, teatr, sirkda ham) barcha a’zosi ijroda bir xil qadrga ega ekanligini unutdik. Oqibatda aksariyat yoshlar qo‘shiqchi bo‘lishga intilib qoldi. Davlat tadbirlaridagi ishtiroki, kelib-ketishi, gohida libos olishi san’atkorning qaysi daromadidan bo‘lishiga e’tibor bermadik. Qo‘shimcha yuklamalar an’anaga aylandi. Nafaqat qo‘shiqchilik, balki teatr, kino, sirkda ham bu ahvolni kuzatish mumkin. Endi esa farmon asosida ish tutilsa, bu kamchiliklar o‘z-o‘zidan barham topadi. Mualliflik huquqi san’atkorni himoya qilish barobarida o‘z ustida ishlashga ham o‘rgatadi. San’atkorning ijodi qadrlanishi barbarida uning jamiyat, tomoshabin oldidagi mas’uliyati ham oshadi. Chunki bu holatlarni baholab borish mezoni yaratildi.

To‘rtinchidan, nihoyat san’at va madaniyatda ham ilm va fan zarur ekanligini oshkor aytdik. Bu sohaning ilmiy asoslari yaratilishi yuzasidan belgilangan vazifalar yangi O‘zbekiston g‘oyasining tarkibiy qismidir. Gap har bir qo‘shiqchi notani bilishi, har bir musiqa bastakor, ya’ni mutaxassis tomonidan yaratilishi, san’at asarlari mazmun-mohiyati monitoring qilinishi ustida bormoqda. Demak, sohaga har kimning adashib kirib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Beshinchidan, sohani kompleks tarzda isloh qilish uning yo‘nalishlari o‘rtasidagi munosabatlar mutanosibligini ta’minlaydi. Ushbu Farmon ma’naviy hayotimizdagi inqilobiy va tarixiy hujjat bo‘ldi. Faqat bu inqilobiy tuyg‘u, tushuncha, mas’uliyat sohaning har bir xodimi, qolversa, barcha aholi ongida aks sado berishi lozim.

Madaniyat va san’at millatning eng nodir boyligi. U milliy g‘urur manbai hamdir. Uning namoyandalari millatni, Vatanni dunyoga tanitadi. Buning uchun jahon ahlining milliy musiqa yoki maqomlarimiz ijrosiga cheksiz ishtiyoqining o‘zi fikrimizga misol bo‘la oladi. Sportchilar g‘oliblik shohsupasiga chiqqanida Vatanimiz madhiyasi yuraklarga qanchalik g‘urur baxsh etishini esdan chiqarmaylik.

Farmon TOShEV,

Oliy Majlis Senat a’zosi.