Sanatoriylar ochilgan, faqat…

Mamlakatimizda karantin talablari yumshatilayotgani bois “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda sanatoriy, pansionat, bolalar oromgohi va boshqa dam olish maskanlari faoliyatiga ruxsat berildi.

Joriy yilning 1 iyunidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi 20 dan ortiq sanatoriy bosqichma-bosqich aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi.

Yil boshidan buyon Sirdaryo viloyatida “Yangi yer”, Surxondaryoda “Xo‘jai Pok”, Toshkent viloyatida “Oq-Tosh shaboda” sanatoriylari qurilib, foydalanishga topshirildi. Hozirda viloyatimizdagi “Ibn Sino” sanatoriysida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Asosiy bino yonidan 80 o‘rinli 5 qavatli zamonaviy bino qurilmoqda. Bu bino shu yilning oktyabr oyida foydalanishga topshiriladi.

Bu yil viloyatimizda turli sohalarda mehnat qilayotgan 2800 nafar ishchi-xodimlarni birlashma kengashining ijtimoiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan.

Yurtimizda yuzaga kelgan epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda qo‘shimcha choralar belgilangan. Jumladan, endilikda sanatoriyga boruvchilarga yo‘llanma berilishidan 5 kun oldin hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlarida COVID-19 infeksiyasi tekshiruvidan o‘tishlari lozim.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassislarining tavsiyasiga asosan, karantin davrida sanatoriylarga 65 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar qabul qilinadi.

Zarif JOZILOV,

Samarqand viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining ijtimoiy sug‘urta bo‘limi mudiri.