San’atshunos olimlar xalqaro anjuman yakunida qanday xulosaga kelishdi?

"Sharq taronalari" XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o‘tkazilgan “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunlandi.

32 ta xorijiy davlatdan 50 nafardan ziyod musiqashunos, folklorshunos va madaniyatshunos olimlar, shuningdek, nufuzli oliy ta’lim muassasalari mas’ullari va ilmiy-ijodiy markazlar rahbarlari qatnashgan anjumanda zamonaviy kompozitorlik ijodiyoti, musika tarixining evolyusion bosqichlari, musikiy meros, musiqa madaniyati, milliy va zamonaviy musiqa san’atshunosligi muammolari, bugungi kundagi o‘zbek milliy musiqa san’ati targ‘iboti hamda dunyo hamjamiyati e’tiborini o‘zbek musika madaniyatiga jalb kilishning innovatsion usullari mavzusidagi ma’ruzalar tinglandi.

Yunus Rajabiy nomidagi o‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi, professor Eldor Shermanov xalqaro anjuman doirasida konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti hamda o‘zbek musiqa va maqom san’ati, musiqiy meros tarixi hamda tadqiqiga oid kitoblar ko‘rgazmasi, mahorat darslari, davra suhbati tashkil etilib, yakunda rezolyusiya qabul qilinganini ma’lum qildi. 

Unga ko‘ra: 

- Sharq xalqlari musiqa san’ati an’analarini asrash va rivojlantirish, o‘zbek milliy musiqa va maqom san’atini yanada keng targ‘ib qilish, uning ilmiy amaliy tamoyillarini o‘rganish borasida amalga oshirayotgan ishlar samaradorligini oshirish va qo‘llab-quvvatlash hamda uning madaniyatlararo muloqot maydonlarini yanada kengaytirish;

- turkiy xalqlar milliy musiqa merosini aks ettiruvchi ensiklopediyasini yaratish va elektron platformalarda joylashtirish;

- Sharq xalqlarining milliy madaniyatlar uyg‘unligi va turfa xilligini saqlash va taraqqiy ettirish maqsadida jahon xalqlari musiqa san’ati, o‘zbek milliy va umumbashariy qadriyatlari uyg‘unligini namoyon etuvchi nomoddiy madaniy merosning eng yaxshi namunalarini keng targ‘ib etuvchi to‘plamlar yaratish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish; 

- Sharq xalqlari va jahon yoshlarini yanada yaqinlashtirish maqsadida bag‘rikenglik, do‘stlik, hayotsevarlik kabi chin insoniy qadriyatlarni tarannum etadigan san’at bayramlari, adabiy davralar, ijodiy tanlovlar uyushtirish, bu ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga maktab yaratgan san’atkorlarni taklif qilish, xalqaro miqyosda ilmiy ijodiy aloqalar doirasini kengaytirish;

- yoshlar qalbida Sharq xalqlari musiqa san’ati va milliy musiqiy merosiga, milliy qadriyatlarga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, tinchlik va birdamlik g‘oyalarini ulug‘lash maqsadida o‘zaro madaniy-ma’naviy aloqalarni yanada mustahkamlash;

- har bir ishtirokchi YuNESKO nomoddiy madaniy meros assotsiatsiyasining rivojiga hissa qo‘shishi va har bir mamlakat vakili madaniyatning barcha sohalari: musiqa, raqs, an’analar, urf-odatlar orqali YuNESKOning insoniyat nomoddiy madaniy meros ro‘yxatini kengaytirish va yosh avlodga yetkazish; 

- 2026 yilda o‘tkazilishi lozim bo‘lgan navbatdagi (XIV) konferensiyadan boshlab yosh tadqiqotchilar, magistrlar va talabalar o‘rtasida Sharq xalqlari musiqiy merosi, o‘zbek milliy musiqa tarixi va tadqiqiga oid "Eng yaxshi ilmiy asoslangan maqola", "Eng yaxshi innovatsion g‘oya" kabi nominatsiyalar bo‘yicha ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazish belgilab olindi.

Anjuman yakunida ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alari topshirildi.