Sanitariya-gigiyena shoxobchalari mavjud bo‘lmagan AGTKS, AGQS va AYoQSlarning ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi
Yo‘lbo‘yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori (793-son, 21.09.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, 2020 yil 1 martdan boshlab jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan, kechayu-kunduz ishlaydigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari, gaz va yoqilg‘i quyish stansiyalari (AGTKS, AGQS, AYoQS)ning ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu maqsadda respublika va hududiy ishchi guruhlar tashkil etiladi.
Hududiy ishchi guruhlarning sanitariya-gigiyena shoxobchalarini jihozlashga oid qaror va talablarini bajarmaslik AGTKS va AYoQSlarga:
- tegishlicha gaz va neft mahsulotlari yetkazib berishni vaqtincha to‘xtatish;
- ular litsenziyasining amal qilishini to‘xtatish haqida chora ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
2019 yil 20 noyabrgacha bo‘lgan muddatda AGTKS, AGQS, AYoQSlarga zarurat bo‘lganda sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish uchun qo‘shimcha yer uchastkalari ajratiladi.