Saodatli kunlar uchun kurashganlar
Mamlakatimiz tinchligi va mustaqilligi uchun kurashda nafaqat Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari, balki Afg‘on urushida qatnashgan baynalmilal jangchilarimizning ham munosib hissasi bor.
Mana, chorak asrdirki, 9 may sanasi xalqimiz tomonidan o‘tgan ajdodlarimizni xotirlash, nuroniy-keksalarni e’zozlash kuni sifatida qarshi olinmoqda.
Mazkur bayram Samarqand xalqaro texnologiya universiteti jamoasi uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, inson qadr-qimmati haqida gap borar ekan, bu o‘rinda Afg‘on urushi veterani, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi va oliy ta’lim a’lochisi, pedagogika fanlari doktori, professor Yusuf Abdullayev nomini tilga olamiz.
O‘ttizga yaqin orden va medallar sohibi bo‘lgan Yusuf Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi, Vazirlar Mahkamasida fan va ta’lim bo‘limi boshlig‘i, Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, AQSh, Koreya Respublikasi, Italiya, Angliya, Finlandiya, Afg‘oniston, Turkiya va boshqa mamlakatlar universitetlarining hamda Samarqanddagi bir qator oliy ta’lim muassasalarining professori vazifalarida faoliyat ko‘rsatgan.
Bugun 76 yoshli Yusuf Abdullayev Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori sifatida ajoyib jamoani shakllantirdi. U kishining boshchiligida jamoamiz ko‘plab yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, universitet 2022 yilda tashkil etilganiga qaramasdan, qisqa vaqt ichida o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi.
Yusuf Abdullayev shu kunlarda Kattaqo‘rg‘on va Toyloq tumanlaridagi Afg‘on urushi ishtirokchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, shahrimizdagi ta’lim muassasalarida tashkil qilinayotgan «Uch avlod uchrashuvi» tadbirlarida faol ishtirok etdi.
Ustozni Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etib, ilmiy faoliyatiga muvaffaqiyat tilaymiz.
Po‘lat NAZAROV,
Samarqand xalqaro texnologiya universiteti kasaba uyushmasi raisi.