Saratonda yurtimizda harorat 42 darajaga yetishi kutilmoqda

Saraton hijriy-shamsiy yil taqvimining to‘rtinchi oyi hisoblanib, 22 iyundan 22 iyulgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Xalq ichida “chilla” deb ataladigan eng issiq haroratli qirq kunlik davrning katta qismi iyul oyiga to‘g‘ri keladi, deb yozmoqda O‘zA.

“O‘zgidromet”dan ma’lum qilishlaricha, bu hafta issiq va quruq keladi. Sababi, bu paytga kelib, quyosh shimoliy yarim sharning eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilib, zaminni beayov qizdiradi. Bu davrda O‘rta Osiyo hududi, shu jumladan O‘zbekiston past bosimli yaqqol namoyon bo‘lmaydigan frontsiz maydonlar ta’sirida bo‘ladi. Qizigan cho‘llar ustida yuqori haroratli va tarkibida nam juda kam bo‘lgan kontinental tropik havo oqimlari shakllanadi.

Bu yozning o‘rtasida havoning kam bulutli, quruq va jazirama issiq bo‘lishini belgilaydi. Shu bois bu haftada va keyingi haftaning birinchi yarmida O‘zbekistonda yoz avji uchun xos bo‘lgan issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Havo harorati 8-10 iyul kunlari kunduzi 37-40 daraja, janubda va cho‘l zonalarida 42 darajagacha bo‘ladi.

Keyinchalik issiqning kuchayishi kutilmoqda. Kechasi harorat 24-27 daraja atrofida, kunduzi 39-42 daraja, yurtimizning janubi va cho‘l hududlarida kechasi 30-32 daraja, kunduzi 43-44 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Bu yoz o‘rtasi uchun o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlardan 5-7 daraja yuqori demakdir.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning iyuli umuman olganda eng issiq yillardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning ko‘pgina mintaqalari, xususan, Toshkent shahri uchun butun meteorologik kuzatuvlar davrida eng issiq yil bo‘ldi.

Ayrim joylarda haroratning yangi rekord ko‘rsatkichlari qayd etildi. Toshkentda o‘tgan yili iyulda harorat 43 darajani tashkil qilgan.

Poytaxtimizda eng issiq harorat esa butun kuzatuvlar davri mobaynida 1997 yil 18 iyul kuni qayd etilgan. O‘shanda harorat 44.6 darajani tashkil qilgan.