Sarbador Adnan Mandaras

Istambulda ancha vaqtdan beri niyat qilib yurgan bir ziyoratimni amalga oshirdim. Turkiya Bosh vaziri bo‘lgan Adnan Mandaras qabrini ziyorat qildim. Bugun Adnan Mandaras haqida suhbatlashamiz.

Avvaliga hikoya

Bu hikoya ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Men ham o‘z sahifamda e’lon qilganman.

O‘tgan asrning o‘rtasida Turkiya Bosh vaziri lavozimini egallagan Adnan Mandaras 1952 yilda NATO yig‘ilishida ishtirok etish uchun Fransiyaga safar qiladi. Parijga yetib kelgach, Mandaras Turkiyaning shu yerdagi elchisini chaqirib, so‘radi:

– Yurtimiz va musulmonlarning so‘nggi xalifasi sulton Abdulhamid Soniyning oilasi Parijga surgun qilingan deb eshitgandim. G‘ayri yurtda ular qanday kun kechirmoqda, nima bilan mashg‘ul?

– Meni avf eting, sulton oilasining taqdiridan bexabarman, – dedi elchi.

Bu javobdan junbushga kelgan Adnan Mandaras elchiga buyurdi:

– Senga 24 soat muhlat! Yo sulton oilasining manzilini topib kelasan yoki iste’fo haqidagi arizang bilan kelasan!

Biroz vaqt o‘tgach, elchi sulton Abdulhamid oilasining Parijdagi istiqomat qilayotgan manzilini topib keldi. Shu zahoti Adnan Mandaras shu manzilga yo‘l oldi.

Sulton oilasi istiqomat qilayotgan uyga kelgach, Adnan Mandaras sultonning oila a’zolari ishda ekanliklaridan xabar topdi va ularning ish joyiga bordi. Vatanidagi so‘nggi sultonning oila a’zolarini izlab, Bosh vazir Parij chekkasidagi bir kafe bulashiqxonasi (idish-tovoq yuvish xonasi)ga kelib qoladi va juda iztirobli bir manzaraning guvohi bo‘ladi: so‘nggi xalifa sulton Abdulhamidning oila a’zolari – 80 yoshli rafiqasi Shafiqa xonim, 60 yoshidagi qizi Oysha xonim va sulton oilasining boshqa a’zolari – fransuzlarning idish-tovoqlarini yuvardilar. Ko‘zyoshlardan o‘zini tuta olmagan Adnan Mandaras Mushfiqa xonimning qo‘llarini o‘pib, faryod urdi:

– Onam, meni kechiring, oldingizga kech keldim!

– Siz kimsiz? – dedi Oysha xonim Fransiyaga surgun qilinganiga o‘ttiz yil bo‘lganida tashrif buyurgan vatandoshiga qarata.

– Men Turkiya Bosh vaziriman, – dedi Adnan Mandaras.

Ana shunda Usmonli xonimlari ham yig‘lab yuborishdi.

Adnan Mandaras Turkiyaga qaytgan zahoti mamlakatning o‘sha paytdagi Prezidenti Jalol Bayarga murojaat qildi:

– Men Parijda Usmonli oilasining xonimlari fransuzlarning idish-tovoqlarini yuvayotganiga guvoh bo‘ldim. G‘ayridinlar sultonimiz xonimlarini kamsitish uchun shunday ishga qo‘yganiga shubham yo‘q. Bu hol musulmon va turk uchun isnoddir. Shu sababdan men ularni avf qilib, Turkiyaga qaytarish haqida qaror chiqarmoqchiman!

– Adnan bey, jim! Bu haqda boshqa og‘iz ocha ko‘rmang! Bu gapingiz kamolist gazetachilar yoki anavi harbiylarning qulog‘iga chalinsa, ular g‘ala-g‘ovur ko‘tarib, harbiy to‘ntarish uyushtirib, siz bilan meni qatl qilishadi, – dedi Prezident.

Shunda Adnan Mandaras cho‘ntagidan bir qog‘oz chiqardi va Prezidentga uzatdi. Bu qog‘oz Bosh vazirning iste’fo so‘rab yozgan arizasi edi.

– Bu iste’foning sababi nima? – so‘radi Prezident.

Bu savolga javoban Adnan Mandaras tarix kitoblariga zarhal harflar bilan yozilgan mana bu so‘zlarni aytdi:

– G‘ayri yurtlarda g‘ayridinlarning kirini yuvishdek past ishlarda xor bo‘lib yurgan onalari va otalari, bolalari va qizlari bor yurtga rahbar bo‘lishdan or qilaman!

So‘nggi xalifa Abdulhamidning oila a’zolarini avf qilib, Turkiyaga qaytarish masalasi mamlakat parlamentida ko‘rib chiqildi va ijobiy hal qilindi. Bosh vazir Adnan Mandaras Usmonli xonimlari Turkiyaga qaytganidan keyin ham ularning holidan doim xabar olib turdi. Ammo...

1950-1960 yillarda Turkiya Bosh vaziri bo‘lib ishlagan Ali Adnan Ertekin Mandaras 1960 yilning 28 mayida general Jamol Gursal boshchiligida uyushtirilgan harbiy-davlat to‘ntarishi natijasida o‘z lavozimidan ozod qilingan va harbiylar tomonidan tayinlangan sud hukmi bilan 1961 yil 17 sentyar kuni Imroli orolida qatl qilingan...

Endi Mandaras haqida

Adnan Mandaras 1899 yili qrim tatar oilasida tug‘ilgan. Huquqshunoslik bo‘yicha tahsil olgan. Mustafo Kamol Otaturk tarafdorlarining Jumhuriyat Xalq partiyasi (JHP) a’zosi bo‘lgan, ammo 1945 yili partiya safidan haydalgan. JHPga muxolif bo‘lgan Turkiya Demokratik partiyasiga asos solgan va ushbu partiya bilan 1950, 1954 va 1957 yillardagi parlament saylovlarida g‘alaba qozongan.

Bu inson Turkiyaga arabcha azonni qaytargan. Taqiqlab qo‘yilgan Hajga borishni tiklagan. Madrasalarda diniy darslarni yo‘lga qo‘ygan. Ayollar libosiga davlat aralashuvini bekor qilgan va ko‘pdan-ko‘p ulug‘ ishlar qilgan davlat rahbari.

U jumhuriyatda o‘n mingta masjid, yigirma besh mingta Qur’ondan ta’lim beradigan madrasa, Anado‘lida voiz, xatib va diniy ustozlar yetkazib beradigan yigirma ikkita oliygoh ochdi. Islomni mahkam tutish va unda yurishga da’vat qiladigan jurnal va kitoblar nashr qilinishiga ruxsat berdi. Oldingi hukumat omborxona va g‘allaxona qilib qo‘ygan masjidlarni bo‘shatib, yana ibodat makonlariga aylantirdi. Isroilga qarshi o‘laroq arablar bilan aloqalarini yaxshiladi. Isroilda ishlab chiqarilgan mahsulot va dori-darmonlarga qattiq nazorat o‘rnatdi. 1956 yilda Isroil elchisini mamlakatdan chiqarib yubordi.

Albatta, uning bu ishlari dunyoni “boshqarib turadigan” yahudiylarning oromini buzdi. Ular bor imkoniyatlarini ishga solib, uni oradan ko‘tarish yo‘llarini izlashdi. Nihoyat Islom dushmanlari 1960 yilda xudosiz general Jamol Gursal boshchiligida harbiy inqilob qilishga muyassar bo‘lishdi. Ularning xohishi bilan Adnan Mandaras va u bilan hamfikr bir necha kishini dorga osishdi.

Jurnalist Sami Kahan aytadi: “Mandarasni dor ostiga olib borgan asosiy sabab islom olami bilan yaqinlashish siyosati hamda darajama-daraja Isroil bilan aloqani uzgani bo‘ldi”.

Haqiqatda esa Mandarasni Turkiyaga islomni qaytargani uchun qatl qilishdi.

Alloh Adnan Mandarasni O‘z rahmatiga olgan bo‘lsin!

Noyob faktlar

1. Adnan Mandarasni dor ostiga olib kelishar ekan, u uch marta hushidan ketgan.
Bu qo‘rquvdan emas edi, bu ilohiy bir ishora edi. Bekorga bunday bo‘lmagan edi. Adnan Mandarasni har safar hushiga keltirish uchun kamida chorak soat vaqt sarflashgan.
Qizig‘i, bu vaqt ichida xudosiz bo‘lsa-da, xalq nafratidan qo‘rqqan Gursal uni qatl qilish haqidagi qarorini bekor qilgan. Yangi qaror orolga yetib ham kelgan. Ammo yahudiylarga sotilgan jallodlar choparni ham o‘ldirib, “Chopar yetib kelmadi, biz qatl bekor qilingani bilmay qoldik”, deb vaj ko‘rsatishgan.

2. 1989-1993 yillarda Turkiya Prezidenti bo‘lgan Turg‘ut Uzzol Adnan Mandaras va u bilan birga qatl etilgan tashqi ishlar vaziri Fatin Rushdu Zorli va moliya vaziri Hasan Po‘latxonlarning jasadlarini Istambulga olib kelib, To‘pqapi tepaligida qayta dafn qildirdi va ularning martabasiga munosib, tengsiz bir maqbara qurdirdi.

3. Turg‘ut Uzzol o‘z qabri ham Adnan Mandaras maqbarasiga yaqin bo‘lishini vasiyat qildi va bu vasiyat bajarildi. Bugun Turkiyaning ikki buyuk farzandi sharafiga qad ko‘targan maqbaralar yonma-yon turibdi. Xuddi Turkiyani tutib turgan ikki ustunlardek!

4. Andan Beyning yorug‘ dunyodagi so‘nggi so‘zlari mana bu so‘zlar bo‘lgan:
– La ilaha illalohu Muhammadur rosululloh!

5. Mushfiqa Xotin afandining asli ismi Oysha bo‘lib, u cherkaslardan bo‘lgan. Nikoh kechasi Sulton Abdulhamid unga nikoh sovg‘asi sifatida Qur’onning noyob nusxasini hadya qilgan va o‘sha Qur’onni ochib, qo‘lini qo‘ygan joyida chiqqan ism Mushfiqa ismini ayoliga bergan.

6. Mushfiqa xonim haqiqatdan mushfiqa, ya’ni shafqatli ayol bo‘lgan va Sulton Abdulhamid surgun qilinganida ham eri bilan ketib, sargardonlikning bor azobini birga tortgan. Sulton bilan birga hamnafas bo‘lgan va Sulton jonini ham Haqqa Mushfiqa xonimning bag‘rida topshirgan. Mushfiqa xonim o‘sha noyob Qur’onni ham erining maqbarasini tiklash xayriya fondiga bergan.

7. Hamma o‘ziga familiya olishi shart qilinganida Mushfiqa xonim 1934 yilda o‘ziga Qayisoy familiyasini olgan. Eri Sulton Abdulhamidning QAY urug‘idan bo‘lganini ehtirom qilib! Qiziga Oysha ismini Sultonning o‘zi tanlagan. Oysha 28 yil Parijda yashagan. Ularni yuqorida yozganimdek, Adnan Mandaras 1952 yilda Parijdan Istambulga ko‘chirib keltirgan. Familiya olishi shart bo‘lganda Usmon G‘oziy hurmatiga Usmono‘g‘lu familiyasini olgan. Oysha Usmono‘g‘lu 1960 yilda, Mushfiqa Qayisoy 1961 yilda Istambulda vafot etgan va Yahyo afandi qabristonida, imperiya maqbarasida ona va uning yolg‘iz farzandi yonma-yon dafn qilingan. Oysha xonimning “Mening otam Sulton Abdulhamid” nomli memuari chop qilingan...

Eng dahshatli fakt

1958 yilning 17 fevralida Kipr masalasida kelishuvni imzolash maqsadida davlat delegatsiyasi ham uchgan Turkish Airlines aviakompaniyasining Vickers Viscount 793 samolyoti Londonning Getvik aeroportiga qo‘nish chog‘ida halokatga uchradi. Aviahalokatda omon qolgan besh yo‘lovchidan biri bo‘lgan Adnan Mandaras aqalli jarohat olmadi.

Uning sog‘-omon qaytib kelgan kuni millat bayram qilib, uni kutib oldi. Adnan Mandarasning tansoqchisi Bekche Tekoning sadoqati va jo‘mardligi hammani qoyil qoldirdi: Bekchi Teko o‘z o‘g‘lini Adnan Mandarasning oyoqlari ostiga yotqizib, Bosh vazirning halokatdan omon qolgani uchun uni qurbonlik qilmoqchi bo‘ldi va xanjarini o‘g‘lining tomog‘iga qadadi!

Ana sadoqat! Ana fidoyilik!

Albatta, Adnan Mandaras uni bu ishdan qaytardi va sadoqati uchun uni siyladi.

Oradan ikki yil o‘tdi. Turkiyada kommunist harbiylar davlat to‘ntarishi qildi va Adnan Mandarasni osib o‘ldirishga hukm qilishdi.

Adnan Mandaras Turkiya xalqi uchun juda katta xizmat qilgan buyuk inson bo‘lganidan uni qatl qilish chog‘ida bo‘yniga sirtmoqni soladigan odam topilmadi. Hatto harbiy qo‘mondon buyruq bergan kichik unvonli harbiylar ham bu qattol ishga jur’at qilolmadi.

Ana shunda bir mard inson o‘rtaga chiqdi va hech ikkilanmasdan Adnan Mandarasning ko‘zlariga tik boqib, uning boshiga sirtmoqni soldi. Bu o‘sha, ikki yil oldin Adnan Mandarasning oyoqlari ostiga o‘z o‘g‘lini so‘yib, uni Mandaras uchun qurbonlik qilishga tayyor turgan Bekchi Teko edi!

Ana xiyonat! Ana pastkashlik!

Aslida Bekchi Tekoning qilgan ishi har safar ham sadoqatning oliy namunasi edi! Har safar ham amalda bo‘lgan davlat rahbariga sadoqat edi!

Unutmang: sizga jonini fido qilishga tayyor turganlar bir kuni oyog‘ingiz toyganida joningizni tap tortmay olishlari mumkin!

Hadis: Birovni qattiq sevmang, bir kuni dushmanga aylanishi mumkin!

Ozgina Imroli oroli haqida

Eramizdan avval ham Marmar dengizida majud bo‘lgan, Istambuldan 65 chaqirim narida, Bursaga, undan ham ko‘ra, Sulaymoniyaga yaqinroq bo‘lgan bu orolda qadimdan greklar yashagan va baliqchilik, vinochilik bilan shug‘ullanib kelishgan. Maydoni 20 kvadrat kilometrcha keladigan (bo‘yi 8 kilometr, eni 3 kilometr) orolni greklar Vesvikos (orol) va Kalolimnios (yaxshi orol) deb atab kelishgan.

1308 yilda Amir Ali boshliq usmoniy qaroqchilar orolni bosib oladilar va hozirgi nomi ana shu qaroqchining ismidan olingan. (Amir Ali – Imroli.)

XX asrgacha orolda 3 ta greklarning qishlog‘i bor edi. Otaturk hokimiyatni egallagach, greklarni avval Bursaga, keyin Gretsiyaga quvib yubordi.

Sovetlarning GULAG arxipelagiga o‘xshab, Turkiya kommunistlari ham 1922 yildan boshlab Imroli orolini siyosiy mahbuslarni surgun qiladigan va qatl qiladigan joyga aylantirib olishgan.

Hozir bu orol yaxlit turmaxona maqomida. U yopiq hudud sanaladi va kemalar uning yaqinidan ham suzib o‘tolmaydi. Orol-turma eng zamonaviy qurollar, raketalar, suvosti kemalari bilan jihozlangan. 1000 ta askar bugun u yerda Kurd ishchi partiyasi rahbari Abdulla O‘jalon va uning partiyadoshlari bo‘lgan siyosiy mahbuslarni qo‘riqlab turishibdi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Turkiyaga borsangiz, albatta, Istambulga boring.

Istambulga borsangiz, albatta, To‘pqapiga ham borasiz.

To‘pqapiga borsangiz osmonga nayzadek qadalgan bir maqbara bor. U yerga ham, albatta, boring! Bu maqbarada xoki yotgan Turkiyaning buyuk farzandi, suyukli o‘g‘loni, Islom uchun boshini dorga tutgan Ali Adnan Ertekin Mandaras birodarimizni ziyorat qiling! Uning ruhi pokiga atab, uch oyat bo‘lsa ham Qur’on o‘qing!

Alloh bizni jannatda ana shunday buyuk insonlar bilan ko‘rishtirsin!

Karimberdi To‘ramurod,

Istambuldan zarnews.uz sayti uchun maxsus.