Sardobadagi toshqinda Milliy gvardiyaning bir xodimi vafot etdi, ikkinchisi qidirilmoqda

Joriy yilning 1 may kuni erta tongda Sirdaryo viloyati hududida joylashgan "Sardoba" suv omborida yuz bergan favqulodda holatning ilk soatlarida, tezkor guruh tarkibida evakuatsiya qutqaruv ishlarida ishtirok etgan Milliy gvardiyaning 2 nafar xodimi kuchli oqim sabab oqib ketgan.

Oqibatda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, serjant Suyarov Xusniddin Zokirovich tabiiy ofatga qarshi kurashish jarayonida halok bo‘lgan.

Milliy gvardiya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda ikkinchi xodimni qidirish ishlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonligi va shaxsiy tarkibi nomidan mardlik namunasini ko‘rsatib, o‘z xizmat burchiga so‘nggi nafasigacha sodiq qolgan serjant Suyarovning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.