Sarhisob: Ijtimoiy davlat tamoyili qanday samara beryapti?

Konstitutsiyamizda mustahkamlangan ayni tamoyil biz uchun yangilik emas. Xalqimiz azaldan qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan beva-bechoralarning holidan xabar olib, muhtojlarga mehr va muruvvat ko‘rsatib kelgan. E’tiborlisi, endi bu jarayonda davlat bosh islohotchi sifatida ishtirok etib, fuqarolarning ijtimoiy farovonligini oshirishga qaratilgan kompleks loyihalarni hayotga tatbiq qilmoqda.

Davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘limlari, “mahalla yettiligi” tarkibiga kiritilgan ijtimoiy xodim lavozimi mazkur fikrning amaliy isbotidir. O‘tgan qisqa vaqtda soha mutaxassislari tomonidan har bir mahallada 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xatlovdan o‘tkazilib, yillar davomida yechimini kutgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Viloyatimiz misolida gapiradigan bo‘lsak, tizim bu davrda 11,4 ming nafar shaxsga individual ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatdi. Joriy yilning boshida viloyatda 101632 nafar nogironligi bor fuqaro ro‘yxatga olingan bo‘lsa, xatlov natijasida yana 6837 nafar fuqaroga nogironlik belgilandi. Achinarlisi, ularning orasida turli sabablar bilan 15-30 yillar davomida nogironlik belgilanmagan, demakki, davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy ko‘makni olish imkoni bo‘lmaganlari ham bor. Amaliy tadbirlar davomida ularning 8925 nafariga nafaqa tayinlandi, 9918 nafarining bandligiga ko‘maklashilgan bo‘lsa, yana 2729 nafari parasportga jalb qilindi.

Yoshlarni ijtimoiy himoyalash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash masalasi ham faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi sifatida belgilangan. Hozirgacha tashkilotimiz tomonidan 11882 nafar yoshlarning nazoratga olinishi ta’minlandi. Ularning ta’lim-tarbiyasini nazorat qilish maqsadida 8190 nafariga vasiylik tayinlandi, 3129 nafariga homiylik belgilandi va 375 nafari farzandlikka berildi. Hozirda 157 nafar qarovsiz bola ijtimoiy muassasalarda tarbiyalanayotgan bo‘lsa, 38 nafari oila muhitiga qaytarildi.

Bu raqamlarni yana davom ettirish mumkin. Asosiysi, ijtimoiy xizmat sohasida zamonaviy tizim yaratildi va u muttasil takomillashtirib borilmoqda. Xususan, yaqinda Prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ijtimoiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim tashabbuslar ilgari surildi.

Ta’kidlanganidek, hozir fuqarolar ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun 10 dan ortiq hujjatni o‘zi bilan olib yurishga majbur bo‘lmoqda. Prezident 2025 yilning 1 iyuligacha “ijtimoiy karta” joriy etish bo‘yicha taklif berdi. Mazkur karta yordamida jamoat transportida bepul yurish, elektr, gaz va o‘qish xarajatiga kompensatsiyalar olish mumkin bo‘ladi. Nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi. Bu bilan fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi.

Bugun viloyatimizda 11882 nafar bola ijtimoiy himoyaga olingan. Bundan tashqari, 20 ming nafardan ortiq yoshlarda turli darajadagi nogironlik mavjud. Prezident yig‘ilishda nogironligi bor yoshlarni ta’lim bilan qamrab olish masalasiga alohida to‘xtalib, buning uchun har bir tumanda bittadan bog‘chada inklyuziv ta’lim guruhi, maktablarda inklyuziv sinflar ochilishi, harakati cheklangan bolalarning maktabga kelib-ketish xarajatining 75 foizi qoplab berilishini aytdi. Bu o‘z navbatida yosh avlodning ta’lim va tarbiya olishida teng imkoniyatlar yaratish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda nogironlik sabablari, ularga yordam berish masalalari tahlil qilinib, qator tumanlarda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish qamrovi pastligi ta’kidlandi. Bu muammoga barham berish uchun har bir viloyat va tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatini yo‘lga qo‘yish, nogironlik reabilitatsiya markazlarida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovini 5 karra oshirish, tibbiyot oliygohlarida reabilitatsiya kafedralarini ochish bo‘yicha vazifalar belgilandi. E’tiborlisi, nogironligi borlarga beriladigan protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati ham kengaytirilib, 37 taga yetkaziladigan bo‘ldi. Bugun viloyatimizdan 15706 nafar fuqaro ayni vositalar bilan ta’minlangan. Yangi qulaylik esa ularning salomatligini tiklash va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim sanaladi. Bu o‘z navbatida nogironligi borlarning jamiyatga tezroq qaytishi va o‘zi istagan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat degani.

Prezident bu jarayonni rag‘batlantirish maqsadida 2025 yilning 1 yanvaridan nogironligi bo‘lgan ishchilar uchun ijtimoiy soliqni 1 foiz etib belgilash taklifini berdi. Shuningdek, korxonalarga surdo-tarjimon, psixolog va ko‘zi ojizlar uchun hamrohlik xizmati xarajatiga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi aytildi.

Xulosa qilib aytganda, Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan bu islohotlar tizimning barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bundan kelib chiqib, biz ham 2025 yil uchun qator vazifalarni belgilab oldik. Jumladan, yangi yilda o‘zgalar parvarishi bilan band bo‘lgan 1831 nafar shaxsga ishlash imkoni yaratilish, 6,9 ming nafar nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish, 5,1 ming nafarini adaptiv sport turiga jalb qilish, ularning 18 ming nafari bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Davlat bog‘chalarida tashkil etiladigan inklyuziv guruhlarga 77 nafar, maktablardagi inklyuziv sinflarga 284 nafar bola jalb qilinadi. Shuningdek, 98 ta ijtimoiy ob’yekt nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtiriladi.

Xurshid NAZAROV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.