Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Savdogarlar ustozi” yoxud Abdulloh ibn Muborak haqida nimalarni bilasiz?

Bugun kitoblar juda ko‘p. Chunki yozuvchi ham, quruvchi ham kitob yozyapti. Yozishni bilgan yozadi, bilmagan yozdiradi. Ularga tanishtiruv yozish juda og‘riqli. Ba’zan kitob degan muqaddas ne’matdan kishini bezdiradi.

Yaqinda qo‘limga bir kitob tushdi. Undagi birinchi hikoyani o‘qishim bilan kitob meni “yutib” yubordi. Kitobdan o‘rin olgan hikoyalarda biz uchun katta ibratlar bor.

Aslida har kimning ham hayotdagi maqsadlaridan biri farzandlarining kamoli. Bugun kishilar farzandi “katta” odam bo‘lishi uchun har narsa qilyapti: shahardagi eng yaxshi bog‘cha, chet tili to‘garagi, to‘rt-besh fandan repetitor, eng dongdor oliygoh, nomdor tashkilotda ish. Ammo kun kelib ularning ko‘pi o‘g‘li yo qizidan noliydigan qariyaga aylanyapti. Sababi, qachondir u sabab farzandining tomog‘idan mazlumning bir luqma haqqi o‘tgan. Aynan shu barcha qilingan sa’y-harakatlarni yo‘qqa chiqaradi. Afsuski, bu bugunning kishisi uchun hazilomuz tuyulishi tayin.

***

...Muborak shahar qozisining quli edi. U halolligi, taqvosi va fahmu farosati bilan sohibining mehrini qozondi. Qozi uni ozod qildi. Hatto qizini so‘rab turgan sarkardalar, vazirlarni rad etib, uni Muborakka berdi. Kamtargina to‘y qilishdi. Ular bog‘ chetidagi kichik hovlida yashay boshladi. Qozining ayoli qizining yoniga borib turardi. To‘rtinchi yo beshinchi safar u qizining yig‘lab turgani ustidan chiqib, sababini so‘raydi. Buni bilgach jazavaga tushmaydi, ammo kech bo‘lganda eriga shikoyat qiladi: “Kazo-kazolarni rad etib tanlagan kuyovingiz, mana, bir oycha vaqt o‘tibdiki qizimizning yuziga qaramabdi”.

Qozi ham bu gapdan mahzun bo‘ladi. Ertasiga bomdoddan so‘ng kuyovini huzuriga chaqirib, kecha ayoli bilan gaplashgani haqida so‘raydi.

Muborak biroz taraddudlanib javob qildi:

“Halolligingizga shubham yo‘q. Ammo uyingizga kirayotgan molingizda biror shubhali narsa aralashgan, birovning haqqi o‘tgan bo‘lishi ehtimoli bor. Shu sabab, qizingizni qirq kun o‘z mehnatim bilan topgan molimdan taomlantiryapman. Bu bo‘lajak farzandimiz, nevarangizning kelajagi uchun qilingan bir ish” deya gapini tugatadi.

Bu gaplarni eshitgan qozi kuyov tanlashda adashmaganidan xursand bo‘lib, Yaratganga hamd aytdi. Kelajakda bu oilada mazhabboshi Abu Hanifaning eng suyukli shogirdlaridan biri, ulug‘ olim, savdogarlar ustozi darajasiga erishgan Abdulloh ibn Muborak dunyoga keldi.

U bolaligidan fahmu farosatda tengi yo‘q edi. Abdulloh dunyo kezib, ilm o‘rgandi, tijoratni kasb qilib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Uning suhbatlariga uzoq yurtlardan ilm talablari kelardi. Shunday suhbatlardan birida “Alloh nazdida kuchli mo‘min yaxshiroq ekan. Buni bizga izohlab bersangiz”, deya savol beriladi.

- Mo‘min kishi nafaqat jismonan va aqlan kuchli, balki moddiy jihatdan o‘ziga to‘q bo‘lsa jamiyat undan manfaat oladi. Shunday kishi ilmli kishilarga homiy bo‘ladi, yurtda fitnaga yo‘l ochilishiga qarab turmaydi. Shunday kishilar bo‘lmasa, axloqsizlik avj oladi, axloqsizlik ibrat bo‘lib qoladi, - deb javob berdi.

Abdullohning savdo karvonlari to‘rt iqlimda kezgan. Kitobda tijoratdagi muvaffaqiyat siri halollik, adolat, rostgo‘ylik va himmat kabi fazilatlarda ekanligi, xaromdan ko‘paygan mol kishiga vafo qilmasligi, falokatga olib borishi uqtiriladi.

Umuman, kitobdagi voqealar hayotiy, tili sodda. Unda buyuk bir inson shaxsiyati haqida u bilan yonma-yon yashagan kishi tilidan ortiqcha bo‘yoqlarsiz, mubolag‘alardan xoli, boricha tasvirlangan. Shu bois, ko‘pdan beri yo‘qotib yurgan qadrdon narsamni topgandek bo‘ldim. O‘qib ko‘ring, albatta manfaat topasiz.

Sulaymon MARDIYeV.