Savdogarning qarzi

Men do‘stim Sa’d bilan shahrimizda tijorat ishlari bilan shug‘ullanib kelayotgan edik.

Kunlardan bir kuni odatdagiday juma kuni katta masjidga borib, namoz o‘qidim. Namoz tugagach, imom "Janoza namoziga tayyorlaning" dedi.

Hozir bo‘lganlar "Kimning janozasi ekan?!" deb so‘rab qoldilar. Ismini aytishgach esa kimdir ustimdan muzdek suv quyib yuborgandek bo‘ldi go‘yo. Chunki u mening bolalikdagi qadrdon do‘stim Sa’dning janozasi edi.

Rahmatli o‘tgan tunda yurak xurujidan vafot etgan ekan, mening esa bundan xabarim yo‘q.

Bu voqea 1994 yil sodir bo‘lgan, unda hali uyali aloqalar uncha rivojlanmagan paytlar edi.

Mehribon va qadrdon do‘stimga janoza namozini o‘qidik. Men uchun bu juda kuchli hayot zarbasi bo‘lgan edi.

Ushbu voqeadan so‘ng bir necha oy o‘tgach, moliyaviy hisobotlarimni tartibga keltirib, Sa’dning ulushini uning vorislariga taqsimlab, ajratib berdim.

Sa’dning bir savdogardan 300 ming riyol (ya’ni, 80 ming dollar) qarzdor ekanligidan xabarim bor edi. Bir kuni o‘sha savdogar kelib, Sa’dning farzandlari huzuriga (qarz xususida) u bilan guvohlik sifatida borishimni aytib, iltimos qildi.

O‘shanda do‘stim qarz olayotganida savdogar bilan aniq bir bitim tuzmagan, Sa’dning vorislariga esa qarz olinganligi haqida aniq dalil va isbot kerak edi. Dalil bo‘lmagach, vorislar qarzni to‘lashdan bosh tortdilar. Va "To qarzdor ekanliklarini isbotlaydigan hujjat bo‘lmas ekan, biz ham pulni to‘lashdan bosh tortamiz", deb dangal rad javobini berdilar.

Biz, savdogarlar o‘rtasida "ishonch" hukm surganligi bois hech qanday xujjatlarsiz ikkilanmay boshqa savdogorlarga yordam qo‘lini cho‘zar edik.

Vorislarga kelsak, ular mening guvohligimni ham qabul qilmadilar. Ulardan biri menga dedi:

- Otamiz bizga 600 ming riyol (160 ming dollar)dan boshqa narsani meros etib qoldirmagan. Hozir biz dalil-isbotlarga beparvo qaraydigan odamga pulni berib yuborsak, o‘zimiz hech vaqosiz qolamiz.

Shu payt huddi nazarimda go‘yo dunyo ostin-ustun bo‘layotgandek boshim aylana boshlandi. Va do‘stimning qarzi tufayli hozir qabrida qiynalib, azoblanayotgani ko‘z o‘ngimdan birma-bir o‘ta boshladi.

"Ey mening bolalikdagi mehribon do‘stim, tijoratda qadrdon bo‘lgan sherigim. Qanday qilib sendan voz kechay?!"

Oradan ikki kun o‘tdi. Uyqumda halovatim yo‘qoldi. Ko‘zlarimni yumsam, Sa’dning ma’yusgina chehrasi va uning menga boqib turishlari ko‘z o‘ngimda gavdalana boshlanar edi. Go‘yoki u mendan yordam kutayotgandek edi nazarimda.

Erta azonda turdim. «Do‘konimni sotish kerak», degan fikrga keldim.

Ko‘p kutib o‘tirmasdan do‘konimga borib, uning ichidagi moli bilan sotuvga qo‘ydim. Qolgan narsalarimni ham tezda sotib yubordim. 450 ming riyol (120 ming dollar) to‘plangach, Sa’d do‘stimning qarzini tezda berib yubordim.

Oradan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, Sa’dga qarz berib turgan savdogar uyimga kelib, menga 100 ming riyol (26500 dollar)ni qaytarib berdi va dedi:

- Marhum do‘stingning qarzini to‘lashing uchun do‘koningdan va molingdan voz kechganingni bilganimdan so‘ng mana shu mablag‘dan men ham voz kechishga qaror qildim, - dedi va pullarni qo‘limga tutqazib, o‘zi iziga qaytdi.

O‘z yurtiga borgach esa qolgan bir guruh savdogarlarga ham mening hikoyamni so‘zlab beribdi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay ulardan biri menga qo‘ng‘iroq qilib, menga o‘zlarining oldidagi omborxona sifatida ishlatib kelayotgan ikki do‘konlarini sovg‘a qilganlarini aytdi. Va meni yangitdan savdo ishiga qaytishimni va do‘konlar uchun 1 riyol ham haq to‘lamasligimni aytib, va’da berishdi.

Men borib do‘konlarni qabul qildim. U yerda ishchilarni yollab, ichlarini tozalatib turganimda, katta yuk mashinasi kelib do‘konim yonida to‘xtadi. Ichidan chamamda 15-16 yashar maktab o‘quvchisi tushib menga «Bu yuklarni falon ismli savdogar, ya’ni mening otam berib yubordilar. Molni qabul qilib olar ekansiz. Otam aytdilar, yuklarni sotib yuborganingizdan so‘ng yarim qiymatini bizga qaytarar ekansiz. Qolgan yarmi esa sizga hadya ekan. Qachon sizga yana mol kerak bo‘lib qolsa, bemalol bizga murojaat qilar ekansiz", deb aytdi.

Shu zayl men bilmaydigan va umrimda ko‘rmagan shaxslar menga har tomondan yordam bera boshladilar. Tijoratim o‘sha hodisadan avvalgiga nisbatan ancha kengayib, gurillab ketdi.

Allohga hamdlar bo‘lsinki, hozir molimga atab 3 million riyol (800 ming dollar) zakot berib yubordim.

Sa’dning farzandlari esa otalarining qarzini to‘lamasdan, merosga tamagirlik qilganliklari tufayli ishlari ortga tortib, hayot mashaqqatlariga botib ketdilar.

MANBA.