Saviyasi past xodim o‘z salohiyatiga ortiqcha baho beradi

Farang mutafakkiri Rene Dekartning raqamlarda ifodalangan qiziq “statistika”si bor: “Dunyo odamlarini 100 foiz deb bilsak, ulardan 1 foizi yaramas, 2 foizi halol, qolgan 97 foizi u ham emas, bu ham emas”.

Hayot “sahnasi”ni kuzatsangiz, Dekartning raqamlari ancha-muncha aniqligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin. Ayonki, hayotda “yaxshilar”, “yomonlar” va “befarqlar” orasiga qizil chiziq tortib, aniq ajratib qo‘yilmagan. Ko‘pincha yomonlar “ezgulik” niqobini taqib oladilar. Befarqlar ularga astoydil (tarozi pallasining qayoqqa bosishiga qarab) tarafdor bo‘lishadi. Yaxshilarga esa ko‘pincha “aybsiz aybdor” roli tegadi.

Insoniyat (yoki deylik, “mehnat jamoasi”)ning 20 foiz qismi jami ishlarning 80 foizini bajaradi (“umumjamoa aravasi”ni tortadi). Bu azaldan ma’lum haqiqat. Yaqinda aniqlanishicha, insoniyatning 80 foizi, o‘zini aynan o‘sha mehnatkash 20 foiz safidaman, deb hisoblar ekan. Ya’ni, qochgan ham Xudo deydi, quvgan ham!

Lekin qanday vaziyat bo‘lmasin, insoniyatning “yaxshi”, “yomon” va “loqayd” toifalari o‘rtasidagi nisbat deyarli o‘zgarmaydi. Binobarin, “boy va kambag‘alni, erkak va ayolning birdek tengligi”ni ta’minlamoqchi bo‘lgan sobiq kommunistik tuzumning da’vosi ancha jozibador, lekin g‘ayritabiiy edi. “Kommunizmda barcha insonlar qobiliyatiga qarab emas, balki ehtiyojiga yarasha moddiy ne’matlardan bahramand bo‘ladi”, degan safsata uqtirilardi. Tasavvur qiling, tabiatan mehnatkash va tadbirkor inson ham, yalqov va dangasa ham, “a’lochi” va “ikkichi” ham... bir xil miqdorda maosh olsa?! Yo‘q, hatto yalqovning “ehtiyoji” mehnatkash insonning ehtiyojidan ortiq bo‘lsa-chi?! Qani bu yerda adolat?

O‘zingiz yaxshilab o‘ylab ko‘ring: deylik, jamiyatda ertadan boshlab hammaga birdek, teppa-teng – 1000 dollardan maosh belgilansa, hayot birdan yaxshilanib ketadimi yoki... Natija taxminan quyidagicha bo‘ladi:

Qisqa vaqtdan so‘ng kichik bir guruh boyib ketadi, bir toifa nisbatan o‘rtacha mavqeni egallaydi. Juda ko‘pchilik esa kambag‘al (kam ta’minlangan), yollanma ishchi va hokazo toifalarga ajralib qoladi. Bu – tabiiy hol. Bu yerda kim(lar)nidir ayblash mutlaqo noo‘rin. Insoniyat fe’l-atvorining o‘zi shuni taqozo qiladi.

            Jamiyatda biznes va tadbirkorlik uchun har qancha qulay shart-sharoitlar yaratilmasin, baribir, odamlarning atigi 3-5 foizidagina haqiqiy ishbilarmonlik qobiliyati bo‘ladi. Ko‘pchilik esa ularga faqat taqlid qiladi, xolos. Shuning uchun, “qora ikra juda qimmatbaho va tansiq ne’mat (delikates) bo‘lgani bois, uni Yer shari aholisining atigi 5 foizigina doimo iste’mol qila oladi”, degan iborani ikki xil ma’noda tushunish mumkin: Balki 95 foiz odam “yalqovligi” va tadbirkor emasligi bois qora ikradan uzoqroq yurishar. Harqalay, qo‘llar bilan birga kalla(miya!)ni ham birozgina ko‘proq ishlatilsa, qora ikraga yetishsa bo‘ladi, shunday emasmi?

         Insoniyatga ato etilgan aql-farosat va ilmiy salohiyat haqida ham yuqoridagi misollar orqali xulosa qilish mumkin. Ya’ni, olimga taqlid qilish – olim bo‘lish, degani emas. Odamda basavlat qomat, qora kostyum-shim, antiqa bo‘yinbog‘, silliq taralgan sochlar va “aqlli” qiyofa bo‘lsa bas – olim yoki rahbar bo‘ldi, degani emas! Lekin hayotda tashqi ko‘rinishi “dahshat”, lekin kallasi deyarli puch bo‘lgan “olim” va qo‘g‘irchoq “rahbar”lar ham afsuski, uchrab turadi.   

AQShning Kaliforniya shtati gubernatori bo‘lgan mashhur Arnold Shvarsenegger shunday fikrni aytgan: “To‘qson besh foiz odamlar doimo o‘zlariga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, boshqarib turuvchi rahbarga muhtoj bo‘ladilar”. Haqiqatan ham, agar ozgina e’tibor bersangiz, atrofingizda qaror qabul qilishdan cho‘chiydigan, biror masalani uning uchun o‘zgalar hal qilishida hech qanday haqorat sezmaydigan insonlar ko‘pligini ko‘rasiz. Buning g‘ayritabiiy joyi yo‘q: negaki, badan jonsiz yashay olmaganidek, xalq ham hokimiyatsiz yashay olmaydi.

Bernard Shou aytmish, insoniyatning ikki foiz fikrlovchi qismi (ilm-ma’rifat ahli) texnik va ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlasa, “o‘zlaricha “fikrlayapman”, deb o‘ylovchi” uch foizi esa o‘sha ikki foizni ham qo‘shib, 97 foiz insonlar ustidan hukmronlik qiladilar. Jek London yozganidek, “fikr yurita olmaydiganlar o‘zlarini mutafakkir qilib ko‘rsatadilar va mustaqil fikr yuritadiganlarning taqdirini hal qiladilar”.

“Nahotki shunday bo‘lsa, rahbar bo‘lish osonmi? Rahbar degani – bilimli, adolatli, qat’iyatli va dono inson emasmi?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Albatta, yuqoridagidek fazilatlarga ega rahbar hamma joyda aziz, jamoatning haqiqiy baxti-omadi, desa bo‘ladi.

Lekin insonning fe’li qiziq-da. Bilim-saviyasi nochorroq odamlar, tafakkuri o‘zlarinikidan yuksak insonlarga qaraganda mansab pog‘onalarini ko‘proq (va dadilroq) egallashar ekan! Kornell universiteti (AQSh) olimlari olib borgan ilmiy tadqiqot ana shunday hayratomuz xulosa bilan yakunlandi. Ko‘pincha saviyasi past xodimlar o‘z salohiyatiga ortiqcha baho berishadi. Xato qaror qabul qilganlarida ham tushkunlik va vijdon azobini sezmaydilar (chunki xatoning xato ekanligini ham his etishmaydi).

Yuqori malakali mutaxassislar esa aksincha, ko‘p ikkilanish va chuqur mulohazalardan so‘ng qaror qabul qilishadi. Bu esa jamoa ahlida jur’atsiz va qat’iyatsizlik kabi taassurot uyg‘otadi. Yuqori malakali xodimning kamtarligi ham mansab pog‘onasi yo‘lida ko‘pincha uning “zarari”ga ishlaydi.

Saviyasi “bundayroq” odamlarning amal kursilarini ko‘proq “band” etishi, ushbu hodisani ilmiy o‘rgangan ruhshunos (psixolog) olimlarning sharafiga, “Danning-Kryuger effekti” (1999 y.) deb nomlandi. Ulug‘ vatandoshimiz Mahmud Zamahshariy yozganlaridek: “Hech ajablanarli emaski, ba’zi johil kishilar baland darajaga erishib, olim va dono odamlar quyida qolur, chunki ba’zi vaqtda Suhayl (Kanopus) yulduzi qutb janubida bo‘la turib pastga tushar, ammo Naoim yulduzi kabi kichik yulduz butun olamning boshi ustida turar”.

Xullas, “Agar hunaring bo‘lmasa, qo‘lingdan hech narsa kelmasa, demak – boshliq bo‘lasan”, degan hazilomuz xalqona ibora ham bejizga paydo bo‘lmagan! Boshliq – hunarmand emas, balki hunarmandlarni boshqarib, buyruq beruvchi rahbar-da. Binobarin, insonda ijodiy qobiliyat, o‘tkir aql va daholik kabi noyob xususiyatlarning bo‘lishi – rahbar bo‘ladi, degani emas. Hatto, ilm-fanda katta yutuq va unvonlarga erishgani bilan rahbarlik qobiliyati  yo‘qligi bois 97 foizni tashkil etuvchi “avom” qatorida yuruvchi insonlar ham ancha-muncha. Qolaversa, boshliq bo‘lish uchun aynan “ilmiy” sifatlar ko‘p-da zarur ham emas. Boshliq, bu – rahbar! Odamlarning o‘zi boshqarilishga, kimgadir ergashishga doimo moyil bo‘lishadi-ku. Eng asosiysi, rahbar adolatli bo‘lsa, olam guliston. Ulug‘ Sohibqiron bobomiz aytganlaridek, “Kuch – adolatdadir”!  

Har kim, qayerda va qay mavqeda bo‘lmasin, aql-tafakkur kuchi yetgan yumushni bajaradi. “Qayerda va qay mavqeda” deyishimizga sabab – aql-tafakkuri yetmagan ishga da’vo qiluvchi, deylik, turli yo‘llar bilan “olim” yoki “rahbarlik” lavozimlarini egallagan insonlar uchrab turadi. Ammo bundaylardan o‘ziga ato etilgan aql-farosatdan ortig‘ini kutish qiyin, talab qilish ham yaxshi natija keltirmaydi. Bir donishmand aytganidek, buyuk aql sohiblari g‘oyalarni muhokama qiladi, o‘rtacha aql egalari voqealarni muhokama qiladi, aqli kaltalar esa odamlarni muhokama (g‘iybat) qiladi...

Baxtiyor Haydarov.