Savobning javobi

Bir kishining onasi tikuvchilik qilardi. Oilani shuning evaziga boqar, o‘g‘lini hecham ishlashga qo‘ymasdi. O‘g‘li ishlayman desa ham, o‘qishni mukammal bitirib olishini nasihat qilardi.  U onasi xohlagandek yaxshi o‘qidi va o‘qishni bitirib ishga kirdi.

O‘g‘il oyligining ko‘proq qismini onasiga berishlikni niyat qilib, shu bilan onasini xursand qilib turishni xohladi. Alloh taoloning taqdir taqozosini qarangki, ona Alloh azza va jalla huzuriga rihlat qildi. Onasidan ayrilgan o‘g‘il juda ko‘p yig‘lar, onasiga oyligini berolmaganidan juda ham xafa bo‘lar edi.

Alloh uchun onasi nomidan oyligining to‘rtdan birini faqiru fuqarolarga berib turishlikni nazr qildi. Onasining vafot etganiga o‘ttiz yil o‘tdi. Shu yillar asnosida namozdagi har bir sajdada onasining haqiga duo qilmasdan turmasdi. Savobi onasiga borib turishligi uchun. Bir nechta masjidga namozxonlar foydalanishliklari uchun, maxsus suv idishlarini qo‘ydi. Kunlarning birida namoz o‘qish uchun mahalla masjidiga chiqdi-da, jamoatni qilayotgan ishini ko‘rib o‘zidan xafa bo‘lib ketdi. Mahalla oqsoqollari masjidga maxsus suv idish qo‘yishayotgan edi. Chunki, u o‘zi yashab turgan yerdagi masjidga boshqa masjidlarga qo‘ygan suv idishlaridan qo‘ymagan edi. Mashriqu mag‘ribdagi masjidlarga qo‘yibman-u, lekin kunda namoz o‘qish uchun chiqadigan masjidga qo‘yishni unutibman, deb o‘zini-o‘zi koyib yuragi siqilib turganida masjid imomi kelib "Ey falonchi, masjidimizga yuborgan suv idish uchun Alloh sizni yaxshilik bilan mukofotlasin", dedi. Haligi kishi shoshib qolib "yo‘q-yo‘q, uni men yuborganim yo‘q", dedi. Imom "bugun o‘g‘lingiz kelib "buni otam yubordi", deb aytdi".

O‘g‘li ham shu yerda edi.

Shu payt o‘g‘li otasini boshidan o‘pib "otajon, savobi sizga yozilib turishi uchun sizning nomingizdan men olib kelib qo‘ydim", dedi. "Otajon, Alloh taolo sizni jannat anhorlaridagi suvlaridan ichirsin", deb duo qildi.

Ota hayratlanib "o‘g‘lim (!) sen maktab o‘quvchisi bo‘lsang, biror joyda ishlamasang pulni qayerdan olding?!" - deb so‘radi.

"Sizni (Alloh rahmat qilsin) buvamning nomidan xayr-ehson qilib, buvamga yaxshilik qilganingizdek men ham sizning nomingizdan sadaqa qilib, sizga yaxshilik qilish uchun besh yildan buyon menga ishlatish uchun bergan pullarni yig‘dim", - deb javob bergan ekan.