Saxovatdan or qilsak, oriyat to‘nini teskari kiysa: milliy qadriyatlarimiz nima bo‘ladi?
- Jo‘ralar, menda bir taklif bor-da. Qishlog‘imizdagi rahmatli Qosimning oilasiga bir yordam qilib yuborsakmi, birgalashib, devdim. Oilasi juda xarob ahvoldaykan, kecha xotinim aytib qoldi.
Qishloqdagi bir guruh ulfatlarning biridan chiqqan bu taklifni uning yonida o‘tirganlar ma’qullaganday bo‘lib, bosh irg‘ab qo‘ydi. Dasturxonning narigi chetida o‘tirgan hamqishlog‘i esa ensasini qotirdi.
- Nimalar deyapsan, uni bir emas, ikki amakisi Rossiyada ishlab yurgan bo‘lsa, jiyanlariga qarashib yuborsa bo‘ladiku, nima bitta tomini yopib berolmaydimi?
Bundan ilhomlangan sherigi ham luqma tashladi. «To‘g‘ri, hamma o‘z kuniga-da, qaysi biriga qarashasan, jo‘ra?»
- Ey, menga qara, sen bolani puling ko‘payib qolganga o‘xshaydi-a?! Agar shunday bo‘lsa, chiqar, mana bugungi ziyofat sendan bo‘lsin!
Bu gapga yig‘ilganlar qah-qah otib kulib yuborishdi.
- Sen o‘zi beva ayolga birdan nega yordam berging kep qoldi? Yo…
Bu luqma o‘tirganlar davrasidagi qahqahani yanada avj oldirdi.
Bunday mazmundagi suhbatlar sizga unchalik begona bo‘lmasa kerak, u yoq bu yoqda eshitib qolgan bo‘lsangiz ham ahamiyat bermagandirsiz, balki. Umuman, hamma joyda emas, ammo aksar hududlarda qishloqdoshi, mahalladoshiga yordam berish tushunchasi u yoki bu ma’noda shu ahvolda ekanligi kishi ko‘ngliga og‘riq soladi.
Yodingizda bo‘lsa, shu yil boshida viloyatlardan birida maktabni bir necha yillar oldin bitirgan sinfdoshlar yig‘inishib, qishlog‘iga osh berishi, tonnalab osh damlaganiyu, mashhur qo‘shiqchini chaqirtirib, konsert uyushtirgani haqdagi xabar ko‘pchilikda turlicha fikr uyg‘otdi. O‘sha qishloqdagi ijtimoiy ahvol haminqadarligi ustiga bu kabi pul sochishlar chetdan eshitgan har qanday kishiga erish tuyuladi.
Aslida maktabni turli yillarda tugatgan sinfdoshlarning qishlog‘iga osh berib, ziyofat uyushtirishi ko‘p hududlarda odatga aylangan ekan. Yil boshida tarqalgan va yaqin kunlarda eshitganim, yuqoridagi voqealarni qog‘ozga tushirishimga qirg‘iz axborot saytlarida o‘qigan qariyb bir xil mazmundagi bir nechta xabarlar turtki bo‘ldi. Misol uchun, Issiq ko‘l viloyatidagi maktabni tugatganiga 20 yil bo‘lgan sinfdoshlar erta vafot etgan do‘stining xotirasi hurmatiga uning voyaga yetmagan o‘g‘li uchun uy qurib berishgani haqida xabar tarqaldi. Yana bir viloyatida esa sinfdoshlar turli ziyofatlaru, ko‘ngilochar davralardan ko‘ra o‘zlari yashaydigan ovuldagi imkoniyat cheklangan qishloqdoshiga uy qurishiga ko‘maklashibdi. To‘g‘ri, rasmlarda ko‘rinishicha, hashamatli uy emas, 2-3 xonali oddiygina qishloq uyi. Ammo sinfdoshlarning bu yaxshiligi bir umrga tatigulik hadya emasmi?
Bizda ham turli yoshdagi sinfdoshlaru, ulfatdoshlar, gashtakchilaru, gapbozlar shunday xayriya ishga qo‘l urish haqida o‘ylab ko‘risharmikan? Nahotki ular saxovatni or sanashsa? Bu fikrlarni qog‘ozga tushirarkanman, arzimagan mablag‘ bilan bitadigan ishlarni ham katta yig‘inlarda muammo sifatida aytadigan xotin-qizlarning ko‘pligi haqidagi fikrlar kishini sergak torttiradi. Ularni yordam so‘rashga chiqarib qo‘ygan oila kattalari, mahalladoshlar aslida bu vaziyatdan or qilishi kerakmasmidi? Yoki oriyat allaqachon to‘nini teskari kiydimikan?..
Gap saxovat, oriyatga borib taqalarkan, shu kunlarda bo‘lib o‘tgan yana bir hayotiy misolni eslab o‘tishni joiz topdim. Rafiqasini uch bolasi bilan ko‘chaga haydagan yigit onasining qistovi bilan boshqa qizga uylanadi. Birinchi ayolining ota-onasi vafot etganini, bolalarini boqishi uchun hunari yo‘qligini bilsa-da, farzandlarining taqdiri bilan qiziqib ham ko‘rmaydi. Ayol qariyb ko‘chada qoladi, u bu odamlarning yaxshiligi bilan mutlaqo sharoiti bo‘lmagan uylarda yashaydi, odamlarning ishini qilib, non topadi bolalari uchun. Oradan vaqt o‘tib, unga tuman mutasaddilari tomonidan uy ajratiladigan bo‘ldi. Buni qarangki, uch farzandi bilan kirib kelgan yangi uyga er ham bosh egib keladi. Undan keyin yana uch bora uylangan, ulardan ham farzandlari bor erkak «sendan yaxshisi yo‘g‘akan, onam aytgani uchun ajrashgandim sen bilan» deya kechirim so‘raydi. Ayol ne bo‘lsa-da, ona-da baribir, farzandlarining otamiz keldi, deb quvonganiga qarab, ikkilanib qoladi. Axir bosh egib keldiku, bolalarim otasi bilan o‘sgani yaxshiku, degan xulosaga ham keladi. Ammo qishning qahraton, yozning saraton kunlari sharoitsiz joylarda yashagani yodiga tushib, ko‘ziga yosh oladi, kechirolmaydi.
Bolam uchun uy bering, yolg‘iz onaman, deya ming tashkilotga borgan yana bir ayol esa uyli bo‘lgach, farzandlarini mehribonlik uyiga joylashtirishga harakat qilayotganini qanday tushunish mumkin?.. Yaqinda yana bir yangilik qulog‘imga chalinib qoldi: uy olish payida eridan ajrashib, o‘zini bechorahol ko‘rsatishga urinayotgan ayollar paydo bo‘layotgan ekan.
Bu misollar biz ko‘krak kerib maqtanib yurgan qadriyatlarimizni bir chaqaga chiqarib qo‘yayotganday. Biz zo‘r berib halol, oriyatli, saxovatli deya sifat berayotgan millat sha’niga ulkan dog‘ bo‘lib qolayotganday tuyulayapti. Ehtimol, siz boshqacha fikrdadirsiz...
Gulruh Mo‘minova.