XDP viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qanday tayyorgarlik ko‘rilyapti?
Joriy yil xalq noiblari saylanishi kutilyapti. Bu jarayonda nomzodlar faqat siyosiy partiyalardan ko‘rsatilishini hisobga olib, bu tuzilmalarning viloyat kengashi raislariga bir necha savollar bilan murojaat qildik. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Badriddin Nasriyevning javoblari quyidagicha bo‘ldi.
- Viloyatimizda 500 nafarga yaqin deputat faoliyat olib boradi. Lekin aholining aksariyati deputatlarini tanimaydi. Bunga sabab nima, deb o‘ylaysiz?
- Viloyat kengashi tomonidan xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlarida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan 115 deputat faoliyat olib bormoqda. Shundan 8 nafari xalq deputatlari viloyat Kengashida.
Deputatlar faoliyati davomida aholining murojaat va takliflaridan kelib chiqib, bir qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, o‘rganishlar natijasida tuzilgan dasturlar asosida deputatlik guruhi tomonidan doimiy komissiya va sessiyalarda 320 dan ortiq masalalar muhokama qilingan. Ya’ni, shuncha muammoga yechim topilgan.
Bundan tashqari, deputatlarimiz tashabbusi bilan 983 ta kam ta’minlangan oilaning uy-joy ta’miri uchun amaliy ko‘mak berildi. Shahar va tumanlarda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi va deputatlar sayyor qabuli tashkil etilib, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolar o‘rganilib, mas’ul tashkilotlarga zarur ko‘rsatmalar va 1478 ta deputat so‘rovlari chiqarildi.
Yana bir gap, partiyamizdan saylangan deputatlar tomonidan viloyat imizdagi nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar olinib, ularni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, dori-darmon bilan ta’minlash va shu kabi ishlarda amaliy yordam berib kelinmoqda.
- Vakillik organiga uning nomzodini qaysidir partiya ko‘rsatgan bo‘lishiga qaramay ayrim deputatlar hatto o‘sha siyosiy tuzilma bilan ham yaqin hamkorlik qilmaydi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan bugungi kungacha biror deputat chaqirib olingan emas.
Nima deb o‘ylaysiz, vakillik organlariga mustaqillik berilayotgan bir paytda bu institutni ishlatish ayni muddao bo‘lmaydimi?
- O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi va partiyadan saylangan deputatlar o‘zaro hamkorlikda ishlab kelmoqda. Misol uchun, partiya saylovoldi dasturidan kelib chiqib, hududlardagi mavjud muammolarni tizimli tahlil etish va aholiga amaliy yordam berish maqsadida o‘tgan yili «Uyma-uy» loyihasi orqali partiya va jamoatchilik vakillari hamda mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlardan iborat ishchi guruhi 543 ta xonadonga bordi. Uchrashuvlar davomida 400 ga yaqin murojaatga ijobiy yechim topildi. Shuningdek, 138 ta masalada deputatlar 2024 yilgi davlat dasturlariga kiritish bo‘yicha taklif ishlab chiqdi.
Joriy yilning o‘tgan davrida esa qayd qilingan loyiha doirasida shahar va tumanlarda 200 dan ortiq xonadonga borilib, 136 nafar uyushmagan yosh qamrab olindi. Uchrashuvlar davomida 31 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlandi, 8 nafarining kredit bilan bog‘liq masalasi ijobiy hal etildi.
- Umuman, joriy yilgi saylovlar o‘tgan safargilardan tubdan farq qilishi tabiiy. Mojaritar saylov, hokimlar endi mahalliy kengashlarga rais bo‘lmasligi kabi ko‘plab omillar bunga sabab bo‘lishi shubhasiz. Bunday sharoitda partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi siyosiy imtihonlarga qay darajada tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Joriy yilgi saylovlarda munosib o‘rin egallash uchun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu saylovga o‘zgacha yondashgan holda tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yil boshidan buyon partiyamiz tomonidan joylarga chiqib, sayyor qabullar tashkil qilindi va fuqarolarni qiynab kelayotgan 231 ta muammo tinglandi. Ularga amaliy yordam berildi.
«Deputat mahallada» loyihasi doirasida deputatlarimiz har bir mahalladagi yashash sharoiti og‘ir oilalar bilan uchrashib, «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritish bo‘yicha asosli takliflar berdi. Bundan tashqari, partiyamiz tomonidan xalq bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, partiyamiz maqsad va vazifalari targ‘ib qilinmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlarimiz o‘tkaziladigan siyosiy imtihonlarda o‘zining natijasini beradi, deb o‘ylaymiz.
- Saylov haqida gap ketarkan, tabiiyki, jarayonlar oldidan partiyalar beixtiyor faollashadi. Aytingchi, ana shu jo‘shqinlikni saqlab qolish mumkinmi?
- O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi saylov yilida ham va boshqa yillarda ham faoliyatida sustkashlik bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Misol uchun, 2019-2024 yillar davomida 2412 dan ortiq targ‘ibot tadbiri, 365 dan ortiq sayyor qabul, 630 dan ortiq uchrashuv o‘tkazildi. Ya’ni, XDP faqat saylov yilida yoki saylovlar oldidan jamiyat hayotida bo‘y ko‘rsatmaydi. U doim faol bo‘lishga, odamlar orasida ishlashga intiladi. Bunga yuqorida ham bir qancha misollar keltirildi.
- Yaqinda o‘tkazilgan tadbirda partiya yetakchilaridan biri «biz saylov vaqti raqobatlashganimiz bilan maqsadimiz bir, ya’ni hammamiz viloyatni rivojlantirish, aholi turmushi farovon bo‘lishini istaymiz», dedi.
Bu partiya yetakchilari ham o‘zaro raqobatga tayyor emasligini ko‘rsatmaydimi? Sizning fikringiz?
- Bu fikrda ham jon bor - maqsad rivojlanish, aholining turmush farovonligini oshirish. Lekin bu maqsadga har bir siyosiy partiya turlicha yo‘l bilan boradi.
Siyosiy partiya o‘zining saylovoldi dasturini taqdim etadi, lekin hamma vaqt ham dasturda ko‘rsatilgan maqsadlar amalga oshmaydi. Sababi, deputatlarning faolligi yetishmaydi, ya’ni boshqaruv organlari oldiga masala ko‘tarib, ular ijrosini ta’minlashda sustkashlik kuzatiladi.
Partiya viloyat kengashi tuman kengashlaridagi deputatlar bilan birgalikda saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar bo‘yicha qator amaliy ishlar qilmoqda. Jumladan, xalq deputatlari Urgut tuman Kengashi deputati Sh.Qo‘ysinov o‘zi saylangan okrugidagi tadbirkorlarning ro‘yxatini shakllantirib, ularning faoliyati bilan tanishdi.
Deputat Q.Hasanov tomonidan ham okrug hududida yuqoridagi kabi ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkorlik sub’yektlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida a’lumotlar berilib, ishsiz fuqarolar ishga joylashtirilmoqda.
Demak, raqobat doimo bo‘lishi shart saylovgacha ham saylovdan keyin ham.
- Partiyaning siz rahbarlik qilayotgan viloyat kengashi, uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda nechchiga baholaysiz?
- Partiya viloyat kengashi va uning deputatlari faoliyatini 10 ballik tizimda 9 ball, deb baholaymiz. Chunki deputatlarimiz tomonidan oxirgi 5 yil mobaynida juda katta ishlar amalga oshirildi. Avvalgi chaqiriqlar bilan solishtirganda bu galgi deputatlarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’siri kuchli bo‘ldi. Bu o‘z navbatida partiyaning nufuzi va obro‘si oshishiga xizmat qilmoqda.
- Jamiyat hayotida o‘z o‘rnini mustahkamlash uchun, partiya viloyat kengashining rejalari qanday?
- Joriy yilda ham hududlardagi yangi ish joylarini o‘rganib chiqish va aholi bandligini ta’minlash asosiy vazifamiz bo‘ladi.
Bundan tashqari, davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi, «Mahallada ijtimoiy xizmat» loyihasini amalga oshirishga e’tibor qaratiladi. «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» tizimi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
Erta va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning oldini olish, irsiy kasalliklar profilaktikasi aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilinmoqda. Shuningdek, keksa avlod vakillarining hayot sifati va uzoq umr ko‘rish darajasini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishdagi muammolar tahliliga qaratilgan press-klub tashkil qilish rejalashtirilgan.
«Sog‘lom ona – sog‘lom oila» shiori ostida onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, xotin-qizlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy ko‘rik va sport musobaqalarini tashkil etish, yoshlarning siyosiy, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, siyosiy jarayonlarga faol jalb qilish maqsadida «Safimizdagi yoshlar» loyihasini amalga oshirish choralari ko‘rilyapti.
Yana bir misol, «Ayollar daftari»da ro‘yxatda turadigan xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunar o‘rganishga jalb etish maqsadida «Ijtimoiy himoyadan ijtimoiy faollik sari» loyihasini amalga oshirmoqchimiz.
Qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyatini o‘rganish, muhokama qilish va partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, takliflarni shakllantirishga qaratilgan «Muhokama, tahlil va taklif» mavzusida munozara klubini tashkil etish rejalari ishlab chiqilgan.
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.