Saylov jarayonida sanitariya-epidemiologik xavfsizlik ta’minlanadi
Joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda. Ayni chora-tadbirlar doirasida viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tomonidan ham saylov uchastkalari hamda jarayonga aloqador boshqa manzillarda tizimli sanitariya tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, okrug hududidagi 1112 ta saylov uchastkasiga boshqarmaning shahar va tuman bo‘limlari malakali mutaxassislari biriktirildi. Barcha ob’yektlarda dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilib, ta’minlanishi lozim bo‘lgan gigiyenik talablar to‘g‘risida mutasaddilarga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi. Saylov uchastkalariga chegaradosh hududlarning ham sanitariya holati o‘rganilib, atrof-muhitni ifloslantirish holatlarining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Mutaxassislarimiz tomonidan yuqoridagi ob’yektlardagi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari, ichimlik suvi va oqova tizimlari, texnologik va sovutkich uskunalarining sozligi, tadbirda ishtirok etadigan xalqaro kuzatuvchilarni joylashtirish manzillari hamda ularning ovqatlanish ratsioni belgilangan talablarga javob berishini ta’minlash masalasi doimiy nazoratga olingan. Shuningdek, ob-havoning issiqligi munosabati bilan qayd etilishi mumkin bo‘lgan noxush holatlar, xususan, guruhli kasallik tarqalishi hamda ovqatdan zaharlanish holatlarining oldini olish choralari ko‘rilmoqda.
L.RUSTAMOV,
viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari,
7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi.