Saylov komissiyasi a’zolari virusga chalinsa qanday yo‘l tutiladi?

Keyingi kunlarda viloyatimizdagi ba’zi umumta’lim maktablari o‘qituvchi va o‘quvchilarida koronavirus aniqlanganligi tufayli ushbu ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni vaqtincha onlayn ta’lim tizimiga o‘tkazilmoqda. Ushbu holatda ta’lim muassasalaridagi uchastka saylov komissiyalari qay tartibda ish yuritadi, komissiya a’zolari orasida koronavirusga chalinish holatlari kuzatilsa, qanday yo‘l tutiladi, degan savollar tug‘ilmoqda.

Shu kabi savollarga 7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Latif Rustamov javob berdi. 

- Avvalambor shuni aytish kerakki, saylov kompaniyasiga jalb qilingan saylov uchastkasi a’zolari koronavirus infeksiyasiga qarshi to‘liq emlangan, - deydi L.Rustamov. - Shuningdek, saylov uchastkalari joylashgan binolarda dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda. 

Ammo shunday bo‘lsa-da, saylovga tayyorgarlik jarayonida tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan komissiya a’zolari (rais, rais o‘rinbosari, kotib va boshqa a’zolar) vaqtincha ish faoliyatidan chetlatiladi va koronavirus infeksiyasiga navbatsiz laboratoriya tekshiruvidan o‘tkaziladi. Bunda, komissiya a’zosiga bir ish kuni ichida PZR-test tahlili natijasi takdim etiladi.

Komissiya a’zosi saylovga 6 va undan kam vaqt qolganida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganligi aniqlansa yoki saylov kuniga qadar koronavirus infeksiyasidan tuzalmagan bo‘lsa, shuningdek, saylov kuni tana harorati 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan taqdirda tegishincha Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyasining qaroriga asosan komissiya tarkibidan chiqarilishi va yangi a’zo (rais, rais o‘rinbosari, kotibi va boshka a’zosi) komissiya tarkibiga kiritilishi mumkin. 

Saylov komissiyalari a’zolarini PZR usuli bilan koronavirus infeksiyasiga tekshirish zarur bo‘lganda, bu ish hududlarning bosh davlat sanitariya vrachlari ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshiriladi.