Saylov oldidan yoshlar sayli o‘tkazilyapti
Samarqand shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida yoshlar, xususan, bu siyosiy jarayonda ilk bor ishtirok etayotgan yigit-qizlarning faolligini, ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida targ‘ibot loyihasi amalga oshirildi.
Shahardagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda yoshlar sayli tarzida tashkil etilgan “Saylov va yoshlar” loyihasi doirasida turli uchrashuvlar, intelektual o‘yin va viktorinalar hamda sport musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan tadbir “Biz - Samarqand yoshlari saylovga tayyormiz!” shiori ostida o‘tkazildi. Tadbirda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi vakillari hamda faol kitobxon yoshlar ishtirok etdi.
- Samarqand davlat chet tillar instituti 1-bosqich talabasiman, - deydi Madina Mitanova. – Saylovda ilk bor ishtirok etaman. Rosti, bu borada tushunchaga ega emas edim. Bugun “Saylov va yoshlar” saylida qatnashib, siyosiy bilimim oshyapti. Partiyalar va deputatlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishib chiqishim kerakligini angladim.
Yoshlar sayli doirasidagi har bir tadbir so‘nggida faol ishtirokchi yoshlar munosib taqdirlanmoqda.
Zarnigor ORZUQULOVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).