Saylovchilar muddatidan oldin ovoz bermoqda
27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida 16 oktyabrdan muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi.
Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun viloyatimizdagi 1130 ta saylov uchastkasiga saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdorida saylov byulletenlari yetkazib berilgan.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Buning uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasiga murojaat qilishi lozim.
Samarqand tumani Oqmachit mahallasida yashovchi Islom Narziqulov 27 oktyabr kuni safarda bo‘lishi sababli 865-saylov uchastkasiga kelib, o‘z fuqarolik huquqidan foydalangan holda o‘zi tanlagan siyosiy partiya va deputatlikka nomzodlarga muddatidan oldin ovoz berdi.
– Saylov kuni yashash joyimda bo‘lolmasligim tufayli bugun saylov uchastkasiga kelib, o‘z fuqarolik huquqimdan foydalandim, – deydi K.Mansurova. – Shu paytgacha bizning hududda kimlar deputatlikka nomzodligi, ularning dasturlarida nima maqsadlar borligini bilib oldim. O‘zim munosib deb bilgan partiya va nomzodlarga muddatidan oldin ovoz berdim.
Mazkur saylov uchastkasida Oqmachit mahallasida yashovchi 2500 dan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.
– Hozirda mahalladagi xonadonlarning har biridagi saylovchilar soniga aniqlik kiritilib, ro‘yxat takomillashtirilmoqda, – deydi 865-uchastka saylov komissiyasi raisi Anvar Zohidov. – Hozirda uchastkada ovoz berishni o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Zarur jihoz va texnik vositalar, saylovga oid qonun hujjatlari va ma’lumotnomalar bilan ta’minlanganmiz. Bugundan boshlangan muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish uchun saylov byulletenlari, konvert va boshqa vositalarni olganmiz.
Markaziy saylov komissiyasining qaroriga ko‘ra, joriy yilgi saylovda muddatidan oldin ovoz berish 2024 yil 16–23 oktyabr kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar o‘tkaziladi.
Viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi.