Saylovda harbiylar ham faol ishtirok etadi
Samarqanddagi harbiy qismda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi va viloyat saylov komissiyasi hamkorligida harbiy qismlarda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari raislari va a’zolari uchun seminar o‘tkazildi.
Samarqand, Navoiy, Jizzax harbiy garnizoni harbiy xizmatchilari ishtirok etgan seminarda so‘z olgan Samarqand harbiy prokurori O.Usarov, viloyat saylov komissiyasi hududiy trenerlari saylovlarning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Saylov qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik masalalari, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalarining o‘rni hamda ularning ishini tashkil qilish haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminarda ishtirok etgan Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik A.Saidov ushbu uslubiy seminar harbiy qism va muassasalarda tuzilgan saylov uchastkalarida ishlarni mamlakatimizdagi milliy saylov qonunchiligi asosida tashkil etish, shuningdek, saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish, muhimi, Vatan himoyachilarining muhim siyosiy huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlarini ta’minlashga qaratilganini ta’kidladi.
Qayd qilinganidek, saylovchilarga mumkin qadar ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi. Uchastkalar harbiy qismlarda ham tashkil etiladi.
- Joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar birinchi navbatda uchastka saylov komissiyalari zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi, - deydi viloyat markaziy saylov komissiyasi treneri Islom Hamdamov. – Shu bois bugungi tadbirda aynan mazkur bo‘g‘in vakillariga ular oldida turgan vazifalar, amalga oshirish mexanizmlari va boshqa jihatlar haqida zarur ma’lumot va tavsiyalar berildi.
Tadbirning amaliy qismi Samarqand garnizoniga qarashli harbiy qismda bo‘lib o‘tdi. U yerda seminar ishtirokchilari tashkil etilgan namunaviy saylov uchastkasi bilan tanishdi.
B.MUSTANOV.