Saylovga jalb qilingan komissiya a’zolariga kompensatsiya to‘lanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini saylov qonunchiligi talablariga rioya etgan holda, xalqaro saylov standartlariga muvofiq, yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda moliyaviy masalalar ham muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, 2021 yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdori 300 milliard so‘m etib belgilangan.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi 7-Samarqand saylov okrugi tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 13,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Byudjet mablag‘laridan oqilona va samarali foydalanish maqsadida viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi tomonidan hududlardagi mavjud saylov jihozlari va tovar moddiy qiymatliklar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Saylov jihozlariga bo‘lgan ehtiyojlarga aniqlik kiritilib, xarajatlar smetasida byudjetdan ajratilgan mablag‘ning har bir so‘mi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha va maqsadli sarflanishi inobatga olindi.

Smetaga ko‘ra, mablag‘lar Prezident saylovi bo‘yicha 1 ta okrug saylov komissiyasi xarajatlari hamda viloyat hududidagi 1111 ta uchastka saylov komissiyalarining har birining ehtiyojdan kelib chiqib, saylov komissiyalari a’zoligiga jalb etilgan 13 974 nafar komissiya a’zolarining ish haqi va kompensatsiya to‘lovlari, saylov kunida ovqatlanish xarajatlari, xizmat safari va feld’yegerlik xizmati xarajatlari, saylov byulletenlarini saylov uchastkalarigacha yetkazib berishni tashkil etish uchun transport xarajatlari, shaharlararo telefon aloqasi, saylov komissiyalariga peshlavha va axborot stendlari tayyorlash xarajatlari hamda saylov okruglarida takroriy ovoz berish jarayonlari uchun moliyalashtiriladi.

Ushbu xarajatlar uchun okrug saylov komissiyasining xarajatlar smetasida qariyb 57 million so‘m hamda har bir saylov uchastkasi uchun teng miqdorda 12 million so‘mgacha mablag‘ ajratilgan.

Shuningdek, saylov komissiyalari a’zolari va saylovchilarning salomatligi bilan bog‘liq xavfsizligini ta’minlash maqsadlari uchun ham mablag‘lar ko‘zda tutilgan. Agar mazkur mablag‘lar to‘liq sarflanishiga ehtiyoj bo‘lmasa, haqiqatda sarflangan mablag‘dan qolgan qismi davlat byudjetiga qaytariladi.

Eslatib o‘tamiz, endilikda saylov komissiyasi faoliyatiga jalb qilingan barcha komissiya a’zolariga ovqatlanish, transport va boshqa xarajatlarni qoplash maqsadida kompensatsiya to‘lovlari to‘lab beriladi.

Yana bir muhim masala, saylov komissiyasining doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan a’zolariga, shu jumladan pensionerlarga mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq ish haqi to‘lab berilishi qonun bilan belgilab qo‘yildi. Bunday amaliyot komissiya a’zoligiga jalb etilgan fuqarolarning majburiy mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida joriy etilgan.

Bundan tashqari, doimiy ish joyiga ega bo‘lgan fuqarolar xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etilgan holda saylov komissiyasining qaroriga binoan komissiya a’zoligiga jalb etilganda, ularga asosiy ish joyidagi o‘rtacha ish haqi hisoblab to‘lanadi.

 

Yunus Bobonazarov,

7-Samarqand okrug saylov komissiyasi a’zosi, viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.