Saylovga oid huquqlar buzilganda kimga, qanday murojaat qilinadi?

Fuqarolarning eng muhim konstitutsiyaviy, siyosiy huquqlaridan biri saylov huquqini bevosita va bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar shunday hol yuz berganda okrug saylov komissiyasi, tuman (shahar) yoki viloyat saylov komissiyasi, Markaziy saylov komissiyasi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’muriy sudlarga murojaat qilish lozim.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Saylov kodeksida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi batafsil aks etgan. Unga ko‘ra, saylov komissiyalari murojaatlar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazib, 3 kunlik muddatda ularga yozma javoblar beradi. Saylovga kamida 6 kun qolganda yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlarni esa darhol ko‘rib chiqib, javob qaytarishi shart.

Saylov komissiyalarining qarori ustidan shikoyat tushsa-chi?

Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, deputatlikka nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin 10 kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.

Shikoyat kelib tushganidan keyin 3 kun ichida, saylovga kamida 6 kun qolganida esa darhol ko‘rib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni ko‘rib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.

B.QARShIYeV,

viloyat hokimligi bosh yuristkonsulti.