Saylovoldi dasturda mamlakatimizda fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidagi maqsadlar aniq ko‘rsatilgan

Payariq tumanidagi 17-son musiqa va san’at maktabida “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimovning Samarqand viloyatidagi ishonchli vakili Muhiba Bobobekova payariqlik saylovchilar bilan uchrashdi.

Partiya faollari, mahalliy kengash deputatlari, ta’lim sohasi vakillari, yoshlar, mahalla fuqarolar yig‘ini faollari, OAV vakillari ishtirok etgan uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili so‘zga chiqib nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturi mamlakatimizda siyosiy va iqtisodiy islohotlar o‘zaro bog‘liqligining, fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida maqsadlarning aniq ko‘rsatilganligi, maqsadlarga erishishning muayyan mexanizmlari aks etganligi bilan ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ayniqsa, Dasturda o‘qituvchilar obro‘-e’tibori va huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu maqsadda “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida” qonun qabul qilish, umumta’lim maktablari uchun darsliklarning yangi, zamonaviy avlodini yaratish uchun “Darsliklar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot instituti”ni tashkil qilish borasida belgilangan masalalarni yig‘ilganlar qizg‘in qo‘llab-quvvatladilar.

“Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashi axborot xizmati.