Sayyohlarni jalb etuvchi g‘ayrioddiy binolar
Loyihachi va me’morlarning tasavvurlari chegara bilmaydi. Ular tomonidan yaratilgan ob’yektlar tahsinga loyiq, kishilarga zavq bag‘ishlaydi va beixtiyor shaharning diqqatga sazovor joylariga aylanadi. Bu inshootlarni tomosha qilgandan so‘ng ham ko‘pchilik ularning haqiqiyligiga ishonmaydi. Umumiy qabul qilingan andazalarga zid bo‘lgan turli xil shakllardan cheksiz foydalanish nafaqat hayratlanarli, balki xotirada abadiy saqlanib qoladi.
Ag‘darib qo‘yilgan uy (Polsha)
Bu g‘ayrioddiy uy Polshaning Shimbark shahrida joylashgan. Uni taniqli rassom va me’mor D.Chapevski yaratgan. Shakli va nomutanosibligiga qaramay uy juda ham barqaror joylashgan. Qurilish 114 kun davom etdi. Quruvchilarning o‘zi bu uyni qurishga qiziqqanliklari sabab uni hayratlanarli darajada tez vaqtda va samarali bajarishga harakat qilgan.
Uydagi barcha mebel va bezaklar ham ostin-ustun turibdi. Hattoki, yaqin atrofdagi o‘tlar ham shu holatda. Uyga kirib, uning koridorlari va xonalari bo‘ylab yurgan sayyohlarning ta’kidlashicha, odam shiftda yurishni o‘rgangani kabi tuyg‘u hosil qiladi.
Savatcha uy (AQSh)
Bu dunyodagi eng noodatiy va noan’anaviy bino sanaladi. Ushbu g‘alati joyda savat ishlab chiqaradigan Longaberger kompaniyasining ofisi joylashgan. Bu ob’yektni qurish kompaniyaga kamida 30 million dollarga tushdi. Sheriklari uyning egasini bunday loyihani amalga oshirishdan voz kechishga chaqirishdi. Biroq u taslim bo‘lmadi va loyihadagi hech narsani o‘zgartirmasdan rejasini amalga oshirdi.
Ommaviy kutubxona (AQSh)
Kanzas-Sitida joylashgan kutubxona o‘zining dadil dizayni bilan butun dunyoga mashhur bo‘ldi. Bino fasadi javonda jahon adabiyoti durdonalari joylashgan kitoblar shaklida qilingan. Mahalliy aholining fikriga ko‘ra, agar barcha kutubxonalar shu uslubda bezalsa, adabiyot ixlosmandlari ko‘paygan bo‘lardi. Bu kutubxona shahar markazining ichki qismi bilan mukammal uyg‘unlashdi va ishbilarmonlik hududini bezadi.
Raqqosa uy (Chexiya)
Praga – qadimgi me’morchilik va zamonaviy binolar uyg‘unlashtirilgan shahar. Raqqosa uy shaharning g‘ayrioddiy bezagi hisoblanadi. U shaharning markazida Vltava daryosining qirg‘og‘ida joylashgan. Ushbu uy yozuvchi va dramaturg, Chexiyaning birinchi prezidenti V.Gavel g‘oyasini mujassam etgan. Qurilish ishlari o‘tgan asrning 90-yillarida amalga oshirildi. Muallif taniqli raqs juftligining raqsidan ilhomlanib, ramziy ma’noda bir tomondan erkakni, ikkinchida esa etagi shamolda hilpirab turgan qipcha bel ayolni tasvirlaydi.
Vena san’at muzeyi (Avstriya)
Ushbu binoning yana bir nomi – “Uy hujum qilmoqda”. Vena san’at muzeyi tasavvurni hayajonga keltiradigan noyob inshootdir. Uyning tomida ustiga xuddi qulab tushganday, yana bir uy bor. Badiiy asar Er Vurmega tegishli. U o‘z qiyofasiga ega bo‘lmagan, bir-biridan hech qanday farq qilmaydigan va poyabzal qutilariga o‘xshab tez tarqaladigan zamonaviy binolarga nisbatan o‘z noroziligini bildiradi.
Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.