Sayyoramizda plastmassa ixtiro qilingandan so‘ng...
Belgiyada tug‘ilgan amerikalik kimyogar Leo Xendrik Bakeland 1907 yil sintetik plastikni ixtiro qilgandan so‘ng inson hayoti tamomila o‘zgardi, deb yozmoqda Human.uz. Chunki plastmassani istalgan shaklga solish mumkin va uning bunday xususiyati juda ko‘p imkoniyatlarni keltirib chiqaradi. Yillar davomida plastmassa yanada rivojlanib insoniyatning boshqa tabiiy materiallar metall, yog‘och, tosh va hayvon tishlariga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirdi va cheksiz miqdordagi maqsadlar uchun ishlatiladigan materialga aylandi.

Darhaqiqat, plastmassa insoniyat uchun juda foydali. Ammo barcha foydali jihatlari bilan birgalikda insoniyat to‘laydigan badal ham mavjud. Baxtga qarshi plastik mahsulotlar biz xohlamaydigan joylarda ham mavjud. Chiqindi to‘planadigan joylarda plastik “tog‘lar” ko‘zga tashlanadi, plastik chiqindilar tufayli suv yo‘llari to‘silib qolmoqda, Okeanlar ifloslanmoqda. Sog‘lig‘imizga zarar yetkazmay va atrof muhitni ifloslamay qanday qilib plastmassadan ko‘plab foydali yo‘llarda foydalanishimiz mumkin?
1960 yillarda plastmassa o‘zining ko‘plab xususiyatlari tufayli keng tarqala boshladi. Bizning hayotimiz bugungi kunda plastik mahsulotlar bilan to‘lgan; tibbiy asbob-uskunalar, mebel, o‘yinchoqlar, avtomobil va samolyot qismlari, oziq-ovqat idishlari va ichimlik idishlari; plastmassaga qaramlik hamma joyda mavjud. Egiluvchan bo‘lishdan tashqari, plastik yengil, ammo chidamli, shisha va sopolga muqobil bo‘la oladi va uni ishlab chiqarish ancha arzonga tushadi. Plastik bizning hayotimizni osonroq va xavfsizroq qilgani bois ham usiz bir kunimizni ham tasavvur qila olmaymiz. Misol uchun, mototsikl haydashda foydalaniladigan xavfsizlik shlemlari 100 foiz plastikdan yasaladi. Plastik bizning hayot tarzimizni ham ta’minlaydi; qo‘limizdagi mobil telefon, jo‘mragimizga kelayotgan toza suv, devorlarimizga o‘rnatilgan televizor yoki uylarimizning strukturaviy asoslari bo‘lsin, agar plastik bo‘lmasa, hayot tarzimiz bilan bog‘liq son-sanoqsiz imkoniyatlari mavjud bo‘lmaydi.

Har bir narsa o‘z kamchiliklariga ega va plastmassa ham istisno emas. Tabiiy resurslarga muqobil sifatida plastmassaga bo‘lgan qaramlikning o‘sishi bilan biz hayotimizda plastmassa tarqalishining salbiy natijasini asta-sekin bilib olamiz. Atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish va chiqindilarni kamaytirishni tobora ko‘proq anglayotganimiz sababli, biz plastik qoldiqlarni to‘plashni e’tiborsiz qoldira olmaymiz. Okeanda katta hududlarni egallab, suv yo‘llarini to‘sib, chiqindi yig‘iladigan joylarda to‘planib qolgan plastmassa qoldiqlariga ko‘z yuma olmaymiz.

Ko‘pgina plastmassalarning kimyoviy tarkibi ularni tabiiy degradatsiya (yemirilish) jarayonlariga chidamli qilingani sababli, plastik ifloslanish yetakchi ekologik muammoga aylandi. Qadoqlash bo‘yicha mutaxassis Rik LeBlankning so‘zlariga ko‘ra, odatda plastmassa chiqindixonalarda chirishi uchun 1000 yil kerak ekan. Biz har kuni foydalanadigan plastik sumkalar 10-1000 yilda chirisa, plastik butilkalarga esa 450 yil kerak.
Iqlim o‘zgarishi va dengiz muhitini yoritishga ixtisoslashgan “National Geographic” yozuvchisi Laura Parkerning aytishicha, ishlab chiqarilgan plastik mahsulotlarning 91 foiz qismi qayta ishlanmaydi. So‘nggi o‘n yil mobaynida milliardlab tonna plastmassa ishlab chiqarildi va ularning aksariyati chiqindiga aylandi.

Har 15 yil ichida ikki barobarga ko‘payib borayotgan plastmassa ishlab chiqarishning jadal sur’atlarda tezlashishi deyarli barcha sun’iy materiallarni ortda qoldirdi. Po‘lat, neylon va shisha kabi boshqa sun’iy materiallardan farqli o‘laroq, hayotimizdagi plastik mahsulotlarning umri o‘rtacha bir yildan kamroq.
Ortiqcha iste’mol, plastmassaga qaramlik bilan atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganimizdan tashqari, plastmassaning sog‘ligimizga ham salbiy ta’siri bor. Misol uchun, hujayraning o‘zini-o‘zi qayta tiklashi, homilaning rivojlanishi, o‘sish, quvvat olish, ko‘payish va tug‘ilish kabi tana jarayonlariga ta’sir qiladigan bisfenol-A singari toksik kimyoviy moddalar bilan plastik idishlar ishlab chiqariladi.
Plastik idishlar ishlab chiqarilayotganda ularning egiluvchanligini oshirish uchun bisfenol–A qo‘shiladi. Bisfenol-A mahsulot ichida yopib tashlanadi, lekin odatda idish ichidagi oziq-ovqat yoki ichimliklarga tushib qolish xavfi yuqori.
Ushbu ma’lumotni hisobga olgan holda, bisfenol-A ishlatish taqiqlangan yoki cheklangan, ammo uning o‘rniga ishlatiladigan bisfenol-S yoki bisfenol-F tuzilishi va toksik ta’siri bo‘yicha bisfenol-Aga o‘xshash.

Atrof muhitni himoya qilish va o‘z sog‘lig‘imizni asrash uchun har birimiz plastik mahsulotlar borasida bilim va tushunchaga ega bo‘lishimiz lozim. Qayta ishlatish va qayta ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan plastik mahsulotlardan foydalanishimiz va ularning chiqindi to‘planadigan joylarda yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak.