Sektor rahbarlari faoliyatiga ham KPI baholash mezonlari joriy etiladi

Samarqand shahar hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan KPI (Key performance indicator – asosiy ish samaradorlik ko‘rsatkichi hisoblanib, tashkilot, bo‘lim yoki shaxsning faoliyat natijadorligi baholanadigan to‘plam) yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda hokim o‘rinbosarlarining dastlabki ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, KPI bo‘yicha qo‘yilgan talablar, hokim o‘rinbosarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlari, ushbu tizimni joriy etishdagi muammolar, hokim o‘rinbosarlari faoliyatini KPI bo‘yicha hisoblash reytingi va ularni aniqlash mezonlari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berildi.

Tadbir davomida hokim o‘rinbosarlari Respublika bo‘yicha tajriba sifatida KPI tizimi joriy etilgan tuman va shaharlarning 2020 yil 9 oyi davomidagi dastlabki reytingi bilan tanishtirildi.

Uchrashuvda sektor rahbarlari faoliyatiga ham kelgusida KPI baholash mezonlari joriy etilishi yuzasidan tegishli ma’sullardan takliflar olindi va hududlarda bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ni yuritishda mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va mulohazalar tinglandi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar mavzu bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.