Sektorlar endi boshqacha ishlaydi

Garchi joriy etilganiga olti-yetti yil o‘tgan bo‘lsa-da, sektorlar tizimida kutilgan natijaga erisha olmayapmiz. Vaholanki, viloyat, shahar va tumanlarda to‘rtta sektor uchun ham shtablar tashkil etildi, shtab a’zolarining samarali ishlashi uchun zarur sharoit yaratildi, bu faoliyatning qonuniy asoslari mustahkamlandi.
O‘tgan vaqt davomida tizim jamiyatga ancha yaqinlashdi. Eng muhimi, hokim, prokuror, IIB boshlig‘i, soliq idorasi rahbari maqsadini bir yo‘nalishga – xalqni rozi qilishga yo‘naltirdi. Barcha tahlil va monitoringlar sektorlar kesimida muhokama qilinadigan bo‘ldi, ularning reytingi joriy etildi. Sektor rahbarlari mahalliy kengashlarda o‘z faoliyati yuzasidan hisobot bera boshladi. Binobarin, sektor rahbarlari ham jinoyatchilikning oldini olish, soliq tushumini ko‘paytirish, aholining islohotlardagi faolligini oshirish uchun, eng avvalo, bandlikni ta’minlash, real daromadni oshirish, kam ta’minlaganlarni qo‘llab-quvvatlash va bu borada hamkorlikda ishlash zarurligini tushunib yetishdi.
Ming afsuski, shuncha harakatlarga qaramasdan sektorlar tashabbuskorligi va samaradorligidan ko‘ngil to‘lmayapti. Davlatimiz rahbari sohalar tahliliga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishlarida ham bu haqda bir necha bor aytib o‘tdi. Xo‘sh, bu holatlarning sababi nimada?
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aynan ana shu savolga javob izlandi. Unda viloyatdagi barcha sektorlar hamda tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Ta’kidlandiki, avvalo sektorlar shtabi a’zolari tarkibini shakllantirishda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan, ya’ni ayrim tashkilot rahbarlari shtab a’zoligiga no‘noq yoki tajribasiz xodimlarini jalb qilgan. Buning ustiga bu xodimlardan so‘rov bo‘lmagan, ular faoliyati tahlil qilinmagan, faqat sektor shtabi kotibigina faoliyat ko‘rsatgan.
Bu holat Samarqand shahar birinchi sektori shtabi a’zolari bilan suhbat chog‘ida yaqqol ayon bo‘ldi. Viloyat hokimi anjuman ishtirokchilari oldida ular bilan savol-javob qildi. Ming afsuski, ular o‘z vazifalari haqida aniq gapira olmadi. Ayrimlarining esa kasb malakasi ham talab darajasida emas ekan. Demak, ular aholi talabini o‘rganish va qondirish salohiyatiga ega emas.
– Endi bunaqa tarzda ishlab bo‘lmaydi, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. - Davlatimiz rahbari qo‘ygan talabga javob berish, mahalla boshqaruvini takomillashtirishda joriy etilgan tizimni qo‘llab-quvvatlash uchun sektorlar ishini keskin jonlantirish zarur. Aholining barcha talablari, yangi loyiha va takliflar aynan sektorlar shtabida puxta tahlil qilinishi hamda ijroga yo‘naltirilishi lozim. Toki, bu shtab aholining chinakam g‘amxo‘r idorasiga, ma’naviyat markaziga aylansin.
Yig‘ilishda sektorlar faoliyatini jonlantirishning asosiy vazifalari belgilab olindi.
Birinchidan, sektorlar shtabi a’zolari sifat tarkibi qayta ko‘rib chiqiladi. Ularga o‘z kasbining ustasi bo‘lgan, bilimdon, tafakkurli mutaxassislar kiritiladi.
Ikkinchidan, tashkilot rahbarlari sektor shtabiga jalb etilgan mutaxassislarni boshqa ishlarga yo‘naltirmaydi.
Uchinchidan, sektor shtabiga a’zo bo‘lgan har bir mutaxassis, eng avvalo, o‘z sohasi yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadi. U sektor hududidagi iqtisodiy, ijtimoiy ahvoldan xabardor bo‘lishi lozim.
To‘rtinchidan, sektor shtabi majlislarida biriktirilgan mutaxassislar o‘zlariga tegishli masalalar muhokama etilganida qatnashadilar. Ayrim mutaxassislar mavsumiy jalb etilishi ham mumkin.
Beshinchidan, sektor shtabida har hafta u yoki bu masalaga bag‘ishlangan tahlil o‘tkaziladi. Unda shu hududdagi muammolar o‘rtaga tashlanadi, yechimi yuzasidan tegishli tashkilotlarga tavsiyalar beriladi. Tavsiyalar ijrosi navbatdagi yig‘ilishda, albatta, oshkora aytiladi.
Shuningdek, sektor shtabi tahlilida mahalliy kengash deputatlari, qishloq faollari, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etiladi.
Viloyat hokimi bugungi kunda sektor shtablari uchun eng dolzarb bo‘lgan masalalar va ularning mohiyatini tushuntirish barobarida bu masalalarni qanday o‘rganish, tahlil qilish, yechimini topish hamda ijrosini ta’minlash yuzasidan vazifalarni belgilab berdi. Bular, eng avvalo, xorijdagi yurtdoshlarimiz bilan mustahkam aloqa o‘rnatish, qaytib kelayotganlariga ish topish, oilasiga ko‘maklashish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganlarga kredit olishda yordam berish, kichik biznes egalarini faoliyatini kengaytirib, yangi ish o‘rinlari ochishda qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalardan xabar olish, shu bilan birga har bir tadbir jarayonida odamlarning ma’naviy-huquqiy saviyasini oshirish choralarini ko‘rishdan iboratdir.
Ta’kidlandiki, endi sektor shtabi tarkibidagi har bir mutaxassis faoliyatiga baho berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu mas’uliyat shu mutaxassisning nomzodini taklif etgan tashkilot rahbari zimmasida bo‘ladi. Har hafta o‘tkaziladigan tahliliy yig‘ilishlarda shtab a’zolari faoliyati baholab boriladi.
Bundan tashqari, haftada bir marta muntazam ravishda sektor shtabida shtab kotibi ishtirokida hududdagi mahallalar faollari (mahalla raisi, hokim yordamchisi, hotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliq inspektori) bilan o‘tgan hafta davomida berilgan topshiriqlar ijrosi tahlil qilinadi va yangi haftada bajariladigan ishlar belgilab olinadi.
Masalan, hokim yordamchisidan mahallada necha nafar ishsiz fuqaro borligi, sektor shtabi a’zolari bilan birgalikda ishsizlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha qanday ishlar bajarilgani, tadbirkorlik sub’yektlari va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolarga belgilangan miqdordagi kredit resurslarining ajratilayotganligi holati, muammoli kreditlarning qaytarilishi, tadbirkorlar qanday faoliyat ko‘rsatayotgani, hududdagi bo‘sh turgan binolarni tadbirkorlarga ajratish bo‘yicha qanday muammolar mavjudligi, xonadonbay o‘rganish holati kabi masalalar so‘raladi.
Shu tarzda mahalladagi “yettilik” faoliyati ham muvofiqlashtirib boriladi va bu pirovardida sektorda ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Farmon Toshev.