Sektorlar kambag‘allikni qisqartirishda qanday vazifa bajaryapti?

Shu va boshqa savollarga “Viloyat 4-sektori tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar” mavzusidagi matbuot anjumanida javob berildi.

Viloyat 4-sektor shtabi kotibi Botir Usanovning ma’lumot berishicha, viloyat hududiy soliq xizmati idoralariga biriktirilgan 4-sektor hududida 271 ta mahalla bo‘lib, ularda 253412 ta oila yoki 992 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Shundan 18602 ta oila ehtiyojmand hisoblanadi.

Sektor shtabi asosiy e’tiborni mazkur oilalardagi mehnatga layoqatli fuqarolarni ishga jalb qilishga qaratgan. Hisobot davrida 21923 nafarining bandligi ta’minlangan. Shu yo‘l bilan 17301 ta oila “Temir daftar”dan chiqarilgan. Yakka-yolg‘iz, nogironligi bor hamda “Temir daftar”da doimiy qoladigan 2788 ta oilaga moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

“Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” yo‘nalishida ham tizimli ishlar olib borilib, yarim yilda 22492 nafar xotin-qiz hamda 2604 nafar yoshning muammolari hal qilingan va tegishli daftarlardan chiqarilgan. Mas’ullar bilan hamkorlikda joylarda 28 marotaba sayyor qabullar o‘tkazilgan.

Sektorda Davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalallari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishidagi vazifalar ijrosi doirasida ham ishlar boshlanganligi ma’lum qilindi. Jumladan, hududdagi davlat idoralariga tizimli ishlash uchun 5 tadan kam ta’minlangan oila biriktirilgan. Ular bu oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini mehnat bozorida talab yo‘qori bo‘lgan kasblarga o‘qitishi yoki tadbirkorlikka yo‘naltirib, daromadini oshirishi kerak. Sektor shu va boshqa jarayonlarni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi, aniqlangan muammolarni bartaraf etadi.