Sel va ko‘chkilar inson hayoti uchun o‘ta xavfli
O‘tgan yilning bahorida Urgut, Qo‘shrabot, Nurobod, Bulung‘ur kabi tog‘ va tog‘oldi tumanlarda 8 kun davomida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lib, o‘nlab ichki yo‘l va ko‘chalar yaroqsiz ahvolga kelib qolgan edi.
Shuningdek, bitta ko‘prik, 4 ta sel yo‘lidagi ochiq beton ariq va zovurlarga zarar yetkazilib, 5 ta aholi xonadonlarining devorlari qulagandi. 20 dan ortiq aholi tomorqalariga suv to‘planib, dehqonchilik qilishga noqulayliklar keltirib chiqargandi.
Ushbu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida jurnalistlar uchun tashkil etilgan anjumanda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Sanaqulov tomonidan ochiqlandi.

- Yog‘ingarchilik mavsumida sel, toshqin va ko‘chki kabi hodisalarning oldini olish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar miqyosida “Tezkor shtablar” faoliyati yo‘lga qo‘yildi, - dedi D,Sanaqulov. - Viloyatning xavf mavjud bo‘lgan hududlariga - Urgut tumanida 8 ta, Samarqand tumanida 2 ta, Nurobod tumanida 4 ta va Qo‘shrabot tumanida 3 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilib, ular aloqa vositalari bilan ta’minlandi. O‘nta suv omborining sel oqimlari va toshqin suvlarini betalafot o‘tkazib yuborishga tayyorlik holati o‘rganib chiqildi. Aniqlangan 20 dan ortiq kamchilik zudlik bilan bartaraf etilib, tunu-kun navbatchilik tashkil etildi.
O‘rganishlarda Urgut tumani hududidan o‘tuvchi M-39 “Almata-Bishkek-Toshkent” avtomobil yo‘lining 1122-1135-kilometridagi Taxtiqoracha dovonida ko‘chki va tosh qulashi xavfi borligi aniqlandi. Shu sababli avtomobil yo‘lining mazkur uchastkalarida xavfsiz harakatni va aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida doimiy navbatchilik olib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Omonqo‘ton mahallasi Konsoy qishlog‘ida 50 tonna tuz zaxira qilinib, 4 ta maxsus texnika vositalari shay qilib qo‘yildi.
Bundan tashqari, joriy yilning o‘tgan davrida sel toshqinlarining oldini olish maqsadida viloyatning barcha daryo, soy va kanallarining o‘zanlari tozalanib, qirg‘oq va dambalar mustahkamlandi. Ariq va zovurlarni suv o‘tkazish qobiliyati yaxshilanib, sel yuvib ketgan avtomobil yo‘llari qayta tiklandi.
Ayni vaqtda Toyloq, Ishtixon, Qo‘shrabot, Nurobod hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlaridagi 11 ta manzilda daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, damba qurish, inshootlarni ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Mazkur ishlarga 15 milliard 577,1 million so‘m ajratilgan. Ushbu ob’yektlarni mustahkamlash ishlarini amalga oshirish orqali 500 dan ortiq aholi xonadonlari va 1750 gektardan ortiq tomorqa va fermer xo‘jaligi yerlari, shuningdek, 70 dan ortiq ijtimoiy ob’yektlarni suv toshqinlaridan muhofaza qilinishiga erishildi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.