Senat: 9 oy davomida 720 ta og‘ir, 207 ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan
Xabar berib borilayotganidek, bugun, 20 noyabr kuni Parlament yuqori palatasining to‘qqizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda senatorlar tomonidan “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi va ma’qullandi.
Oliy Majlis Senati a’zosi Farhod Boqiyev o‘z ma’ruzasida so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda halq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil organga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirilganiga to‘xtaldi.
– Sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etishga imkon yaratgan sabab va sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarni “izi sovimasdan” fosh etishda foydalaniladigan ilmiy-texnik usul va vositalarni modernizatsiya qilishni talab qilmoqda, – dedi Senat a’zosi F.Boqiyev. – Tahlillarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur “Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qabul qilishning nechog‘lik ahamiyatli ekanligini anglashimiz mumkin.
2019 yil va 2020 yilning 9 oyi davomida 720 ta og‘ir, 207 ta o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar fosh etilmagan. Shundan 35 tasi qotillik, 18 tasi og‘ir tan jarohati yetkazish, 5 tasi nomusga tegish, 11 tasi bosqinchilik jinoyatlarini tashkil etadi. Bundan tashqari, birgina 2020 yilning 9 oyida 367 ta bedarak yo‘qolgan fuqarolar topilmagan va 224 ta noma’lum murdalar shaxsi aniqlanmagan.
Ta’kidlash joizki, hozirda sodir etilayotgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar to‘liq fosh etilishi va jazo muqarrarligini ta’minlashni talab etadi. Bunda jinoyatchilar tomonidan hodisa joylarida o‘z izlarini qoldirmaslik maqsadida turli xil usullardan foydalanilmoqda. Fosh etilmagan jinoyatlar esa o‘z navbatida, jinoyatchilarga jazolanmaslik hissini kuchaytirib, kelgusi jinoiy faoliyatini davom ettirishga imkon bermoqda. Buning oqibatida esa jamiyatda jinoiy faoliyatga ko‘nikkan shaxslar jinoyat izlarini yashirishga urinmoqda.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda jazoni ijro etish muassasalarida og‘ir jinoyat uchun 8311 nafar va o‘ta og‘ir jinoyat uchun 15 765 nafar, jinsiy erkinlikka qarshi qaratilgan jinoyatlar uchun 1777 nafar sudlangan shaxslar mavjud. Qolaversa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinib, jazo muddatini o‘tab ozodlikka chiqqan, lekin sudlanganlik holati tugatilmagan shaxslardan ham majburiy ravishda Genom bo‘yicha davlat ro‘yxatiga olinadi.