Erzurum - 2025 yil turizm poytaxti
Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti (IHT) tomonidan Turkiyaning shimolida joylashgan Erzurum shahri 2025 yilning turizm poytaxti hamda Yevropa qishki sport poytaxti, deb e’lon qilindi.
Bu bejiz emas. Chunki Erzurum shahri o‘zining tarixiy yodgorliklari bilan sayyohlarning, “Palando‘ken” chang‘i markazi bilan qishki sport turlarini sevuvchilarning tez-tez boradigan maskaniga aylangan.
“Palando‘ken” chang‘i kurorti
"Palando‘ken" tog‘-chang‘i kurorti Turkiyadagi birinchi va eng ilg‘or chang‘i markazi bo‘lib, Erzurum shahar markazidan 10 daqiqalik masofada joylashgan. "Palando‘ken" va "Konakli" tog‘-chang‘i kurortlarida jami 55 tog‘ -chang‘i yo‘lidan 40 tasi Xalqaro chang‘i va snoubord federatsiyasi (FIS) tomonidan tasdiqlangan. "Palando‘ken" tog‘-chang‘i markazida 44 ta tog‘-chang‘i yo‘li bor va uzunligi 51 kilometr bo‘lib, ko‘plab qulayliklari bilan chang‘i ishqibozlarini o‘ziga jalb qiladi.
Qo‘sh minorali madrasa
Erzurumning asrlar davomida ta’limmarkaziga aylanishida “Xatuniya” madrasasi sifatida ham tanilgan egizak minorali madrasa katta rol o‘ynaydi. Turk islom me’morchiligida to‘rt ayvonli va ochiq hovlili madrasalarning eng muhim namunalaridan biridir. Saljuqiylar sultoni Alouddin Kayqubodning qizi tomonidan bunyod etilgan binoning qaysi sanada qurilganligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Madrasa ikki minorasi bir-biridan farq qilishi bilan diqqatni tortadi. O‘ng tarafdagi ustunlar, devor qirralari va boshqa detallar ancha sodda tuzilishga ega bo‘lsa, chap tomondagi detallar yanada nafis va takomillashgan. O‘lchami 35x46 metr bo‘lgan madrasa o‘ziga xos go‘zal bezaklari va ko‘zni qamashtiruvchi estetikasi bilan shaharning eng muhim tarixiy obidalaridan biridir. Tarixiy manbalarda bu minora Murot IV buyrug‘i bilan bir muddat kazarma sifatida foydalanilgani qayd etiladi. Bugungi kunda u muzey va ko‘rgazma zali sifatida xizmat qiladi.
Yakutiye madrasasi
Erzurumdagi Yakutiye madrasasi Onado‘lidagi yopiq hovlili madrasalarning eng yaxshi namunalaridan biridir. Hulokuiylarning mahalliy hokimi Xoja Yoqut buyrug‘i bilan 1310 yilda qurilgan inshoot Erzurum tarixiy va madaniy merosida muhim o‘rin tutadi.
Madrasa to‘rt ayvonli dizayn asosida qurilgan bo‘lib, hovlisi yopilgan. Hovli atrofida o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun hujralar mavjud. Bundan tashqari, binoning shimoliy jabhasidagi toj darvozasi va minoralar alohida ajralib turadi. Bu jihatlar turk islom san’atining nafis mahoratini aks ettiradi.
Erzurum qal’asi
Qal’a Erzurumning markaziy tumanlaridan biri Yakutiye chegarasida joylashgan. U 415 yilda Vizantiya imperatori Feodosiy tomonidan qurilgan. U ikki qismdan iborat: ichki va tashqi qal’a. Ichki qal’a 8 ta qal’aga ega bo‘lib, uning hovlisida g‘ishtdan qurilgan eski hammom mavjud. Usmonlilar imperiyasi davrida ichki qal’aning shimoliy devori yonida “Ichki qal’a masjidi” qurilgan.
Soat minorasi
Erzurumning muhim tarixiy obidalaridan biri bo‘lgan Soat minorasi, tarixiy Erzurum qal’asining janubi-g‘arbiy burchagida qurilgan. U 1124-1132 yillarda amir Muzaffer G‘oziy tomonidan kuzatuv maydoni va qal’a masjidining minorasi sifatida qurilgan. Eshikdan kirgandan so‘ng, minora tepasiga 65 ta yog‘och zinapoya orqali chiqiladi.
Uch maqbara
Shahar markazida joylashgan Uch maqbara o‘tgan davrlarda hukmron bo‘lgan monumental qabr an’analarining muhim namunalaridan biridir. Qo‘sh minorali madrasaning orqa tomonida joylashgan maqbaralar dizayni va bezaklari bilan diqqatni tortadi. Gumbazlar har xil o‘lchamda. Kesilgan toshlardan yasalgan gumbazlarda gul va hayvon siymolari bor.
Erzurum muzeyi
Erzurum viloyati o‘tmishdan hozirgi kungacha turli sivilizatsiyalarga guvohlik qilgan qadimiy aholi punkti bo‘lgani uchun keng madaniy merosga ega. Ushbu madaniy merosni samarali targ‘ib qilish va taqdim etish Erzurum muzeyida amalga oshiriladi. Muzey qadimdan hozirgi kungacha o‘zining betakror va ibratli asarlari bilan e’tiborni tortadi.
Ata muz muzeyi
Turkiyadagi birinchi va yagona muz muzeyi bo‘lgan Otaturk universiteti Ata muz muzeyi muz ustida aks ettirilgan noyob san’at asarlari bilan mahalliy va xorijlik sayyohlarni o‘ziga rom qilmoqda. Muzey muz haykallari va san’at asarlari bilan badiiy va madaniy tajribani o‘zida mujassam etgan. Muzeyda muz nafis shakllarga aylanib, an’anaviy va zamonaviy san’atning uyg‘unlashtirilgan namunasi sifatida namoyish etiladi.
Otaturk uy muzeyi
Bugungi kunda Otaturk uyi deb ataladigan uy XIX asr oxirida Erzurumli badavlat kishi tomonidan qurilgan. G‘ozi Mustafo Otaturk va uning do‘stlari ozodlik urushi yillarida Erzurumga kelganlarida, bu qasrga joylashdilar, shundan keyin u tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Otaturk va uning do‘stlari 52 kunlik davr mobaynida Erzurum Kongressining ko‘p ishlarini va eng muhim yig‘ilishlarini shu yerda o‘tkazdilar. Saroy 1984 yilda muzyeyga aylantirildi va Otaturk uy-muzeyi sifatida ommaga ochildi. Uch qavatdan iborat bo‘lgan inshoot 1800 yillarning me’morchilik mahorati va xususiyatlari bilan diqqatni tortadi. Ichkarida G‘ozi Mustafo Kamo lOtaturk, Kazim Karabekir poshsho va Raif Dinchga tegishli buyumlar bor.
Zilola tayyorladi.