Senat besh erkak tomonidan zo‘rlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

Avvalroq, Qashqadaryoda besh erkak 26 yoshli qizning nomusiga tekkani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati mazkur voqea yuzasidan munosabat bildirdi.

Achinarlisi, ko‘ngilsiz voqeaga uchragan bu ayolning tunda ko‘chada yurgani yoki axloqiy yurish-turishi mazkur mudhish jinoyat sodir etilishiga asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bu holatni faqat ana shu omil bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanligini ta’kidlaydi. Unutmasligimiz lozim, mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarida har bir fuqaro xoh tun, xoh kunduz bo‘lsin, ko‘chada yurishi taqiqlanmagan, shuningdek, hech kim birovning axloqsizligini ro‘kach qilib, uni o‘zboshimcha jazolashga haqqi yo‘q.

Bundan tashqari, ma’lum bo‘lishicha, bu ayol o‘z oilasini boqish istagida umumiy ovqatlanish joylaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlagan va uyiga qaytayotgan vaqtda ayrim niyati buzuq shaxslar tomonidan tahqirlangan.

Shuning uchun masalaga bunday tor ma’noda yondashish yurtimizda tunda yurish zo‘ravonlik qurboni bo‘lishga sabab bo‘ladi, degan mutlaqo noto‘g‘ri qarashlarning shakllanishiga, oqibatda mamlakatimizda o‘rnatilgan qonun ustuvorligi haqida yanglish fikr paydo bo‘lishiga olib keladi.

Xulosa bitta – shaxsning erkinligiga tajovuz qilingan va jinoyat sodir etgan shaxslar qonun oldida javob berishi muqarrar.

O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi ushbu jinoyat ishi yuzasidan mutasaddi idoralar tomonidan zarur choralar ko‘rilishini nazoratga oladi.