Voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda ayblanayotgan xonandaga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi

Xonanda J.U. voyaga yetmagan Sh.M.ning nomusiga tekkanligi holati yuzasidan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha 2020 yil 9 oktyabrda Samarqand viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Voyaga yetmagan Sh.M. advokati M.Rustamova bilan birgalikda viloyat prokuraturasiga murojaat qilib, J.U.ga nisbatan jinoyat ishi tergov harakatlaridan noroziligini bayon etgan.

Murojaat Samarqand viloyati prokurori R.Masharipov tomonidan o‘rganildi. Ariza muallifi, advokat M.Rustamova, viloyat prokuraturasi va IIB mas’ullari ishtirokida 2020 yil 18 dekabr kuni qabul qilinib, jinoyat ishi nazoratga olingani va tez kunlarda qonuniy qaror qabul qilinishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng ishda to‘plangan dalillar asosida J.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e’lon qilinib, sudning 2020 yil 21 dekabrdagi ajrimiga asosan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Samarqand viloyati prokuraturasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat ishi tergovi viloyat prokurori R.Masharipov tomonidan alohida nazoratga olindi.