Senat raisi mahalladagi “beshlik” faoliyati bilan tanishdi

Ayni paytda Samarqandda bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi T.Norboyeva Samarqand shahridagi Charmgari mahallasida hududdagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida faoliyat ko‘rsatayotgan “beshlik” – rais, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorlari bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida mahallalarda ijtimoiy muammolarni hal etish, ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, notinch oilalar bilan ishlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi faoliyat yuzasidan fikr almashildi. Mahalla faollarining ish jarayonidan kelib chiqib, taklif va mulohazalari eshitildi.

Senatorlar “SamAntepGilam” korxonasining mahalladagi tikuvchilik sexi faoliyati bilan tanishdi. Bugun tikuv korxonasida 25 nafar mahalla xotin-qiz mehnat qiladi. T.Norboyeva bu yerda ishlayotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Uchrashuv chog‘ida besh nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachasi topshirildi.

- 34 yil agrokimyogar kasbida mehnat qildim, - deydi 90 yoshni qoralab qolgan Nazira Gulyamova. - Biz, qariyalarga g‘amxo‘rlik qilayotgan davlatimizga ming rahmat. Keksayib qolganim uchun yurishga qiynalayotgandim. Bu sovg‘adan juda xursand bo‘ldim.

Shuningdek, aholining murojaatlari eshitilib, ularni qiynab kelayotgan masalalarga mahalliy hokimliklar va mutasaddi idoralar jalb qilingan holda yechim topilishi ma’lum qilindi.

Tadbirda T.Norboyeva velosportchilar, shaxmat-shashka hamda kamondan o‘q otish bo‘yicha yosh sportchilar bilan ham uchrashdi.