Senat: Shaxsni qadrsizlantiruvchi har qanday ma’lumotni tarqatish qonunga zid
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor city’da joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida shaxsi noma’lum ayol va erkak ishqiy munosabati aks etgan nomaqbul video tarqaldi. Oradan bir necha kun o‘tgach, ushbu video qayta montaj qilinib, unga “QALAMPIR.UZ” sayti jurnalistining suratlari joylashtirilib, behayo videodagi qahramon ayol tahririyat jurnalisti ekani haqida yolg‘on ma’lumot tarqatildi.
Mazkur holatga nisbatan Qalampir.uz sayti rasmiy munosabat bildirib, unda ushbu vaziyatning sayt jurnalistiga mutlaqo aloqasi yo‘qligi bayon etildi.
O‘z navbatida, ushbu holat ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyatiga, shu bilan birga jamiyatda faol, axborot makonida o‘z o‘rniga ega jurnalist bo‘lgan xotin-qizlarimizning sha’ni, qadr-qimmatiga salbiy ta’sir etuvchi harakat va ular faoliyatiga tahdid sifatida baholanib, holat adolatli o‘rganilishi Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitalari tomonidan nazoratga olindi.
O‘rganish natijalari yuzasidan batafsil axborot beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.