Senatning navbatdagi yalpi majlisida daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash masalasi ham ko‘rilishi kutilmoqda
Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida Senatning qirq uchinchi yalpi majlisini 2023 yilning 4 avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan mazkur yalpi majlisda qator qonunlar hamda masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Xususan, “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’yektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.