Senatorlar bolajonlar huzuriga bordi
Bugun joylarda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Shunday uchrashuvlarning biri Samarqand shahridagi 1-son Mehribonlik uyida Oliy Majlis Senati a’zolari Farhod Boqiyev va Farmon Toshev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Unda senatorlar tarbiyalanuvchilar va muassasa xodimlari bilan dildan suhbatlashdi, mamlakatimizda kechayotgan izchil islohotlarning mazmun-mohiyati, shuningdek yurtimizda qonun ijodkorligi, qabul qilinayotgan qonunlarning xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida gapirdi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda imzolangan “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalarida tarbiyalanayotgan yoshlarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratishi barobarida mazkur muassasalarning moddiy texnik bazasini mustahkamlashga ham asos bo‘lgani ta’kidlandi.
Oliy Majlis Senati a’zolari Mehribonlik uyida tarbiyalanuvchilar uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, mavjud muammolarni o‘rgandi, ularga kitoblar sovg‘a qildi, savollariga javob qaytardi.
Lutfullo Shomurodov.