"Sening ishing qafas yasamoq, mening ishim erk deb yashamoq"

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 70 yoshga to‘ldi

Ijodkor 1952 yil 20 yanvarda Samarqand tumanidagi Chordara qishlog‘ida tug‘ildi.
O‘rta maktabni tugallab, ToshDU (hozirgi Milliy universitet)ning jurnalistika fakultetida tahsil oldi.

Ilk ish faoliyatini 1974 yilda nashriyot va ijodiy tashkilotlarda boshladi. Keyinchalik Ma’naviyat va ma’rifat markazida rahbar o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy teleradikompaniyasida turli rahbar lavozimlarida ishladi.

Xurshid Davronning «Qadrdon quyosh», «Shahardagi olma daraxti», «Tungi bog‘lar», «Uchib boraman qushlar bilan», «To‘marisning ko‘zlari», «Bolalikning ovozi», «Qaqnus», «Bahordan bir kun oldin» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.

Uning tarixiy siymolar - Bibixonim haqidagi «Samarqand xayoli», Ulug‘bek haqidagi «Sohibqiron nabirasi», Najmiddin Kubro haqidagi «Shahidlar shohi» kabi tarixiy-ma’rifiy qissalari o‘z o‘quvchilarini topgan.

1999 yilda Xurshid Davronga O‘zbekiston xalq shoiri unvoni berildi. Keyin «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.

Quyida shoirning she’rlaridan o‘qiysiz.

***

Olis tog‘lar tomonda

Olis-olis tog‘lar tomonda
Qo‘zg‘almoqda kuzak bo‘roni.
Va hademay cheksiz osmonda
Paydo bo‘lar uning suroni.

Pechakgulning novdalaridan
Yaproqlari to‘kilib bo‘ldi.
Chechak bog‘lar,
Za’faron bog‘lar
Xazonlarning ohiga to‘ldi.

Qirovlarga aylanar shabnam,
Oy gardishsiz chiqmas falakka.
O‘z-o‘zimni tayyorlab men ham
Sig‘inaman yolg‘iz yurakka.

Uni-da men ochdim dardlarga,
Qutqaradi dilni faqat g‘am.
G‘am yor bo‘lar faqat mardlarga,
Ular g‘amni ko‘rmaslar baham.

* * *

Samarqand – za’faron tiramoh,
Buxoro – qirmizi saraton.
Tosh shahri – sovigan qahrabo,
Turkiston… Turkiston… Turkiston…

Xiva “Xayr” kalomi. Sukunat,
Sahroda yangragan qo‘ng‘iroq.
Qo‘qon – bog‘. Vatan deb jon bergan
Yigitlar qonini ichgan bog‘.

Shahrisabz kabutar patidir,
Zangori ranglarga bo‘yalgan.
Termiz – ko‘r xattotning xatidir,
Zamonlar zarbidan tuyilgan.

Boburning ko‘zyoshi – Andijon,
Marg‘ilon – ming yoshli qizaloq.
Turkiston… Turkiston… Turkiston…
Dashtdagi qon rangli qizg‘aldoq…

Yulduz

Do‘stimni chaqirsam,
Qaramay ketdi –
Bir daraxt yonimda chayqaldi notinch.
Tovushim ko‘kdagi yulduzga yetdi,
Qonimda uyg‘ondi eng so‘nggi ilinj.

Dardimni aytsaydim, degandim, biroq
Do‘stimni chaqirsam, qaramay ketdi.
Men uyga qaytdimu, yondirdim chiroq,
Dunyo sokin edi,
Dunyo tinch edi.

Chiroqqa termilib o‘ylarga botsam,
Qoshimga g‘amlarning barchasi qaytdi.
Chiroqni o‘chirmay uxlamay yotsam,
Chirog‘im yulduzning so‘zini aytdi…

* * *

Sening ishing umr kechirmoq,
Mening ishim seni kechirmoq.

Sening ishing qafas yasamoq,
Mening ishim erk deb yashamoq.

Sening ishing qonunlar tuzmoq,
Mening ishim ularni buzmoq.

Sen qafasga qushni solarsan,
Solarsan-da, lazzat olarsan.

Men qushlarni ozod qilarman
Va o‘zim ham ozod bo‘larman…