Sevgi sababli ta’limdan voz kechish kerakmi?

Yoxud olimalik orzusining tog‘lar orasida qolgani xususida
Inson hayotida ba’zan bilgan, ba’zan esa bilmagan holda shunday qarorlar qabul qiladiki, ularning oqibati umrbod afsusga aylanishi mumkin. Ayrim xatolarni keyinchalik to‘g‘rilashga imkoniyat bo‘lmaydi.
Meni bu fikrlarga yetaklagan voqea esa bir paytlar o‘ziga katta umid bog‘langan, iqtidorli bir qiz haqida. Kelin bo‘lib tushgan qishlog‘imda maktabda ish boshlagan kunlarimda u bitiruvchi sinfda o‘qirdi. Yurish-turishi, o‘zbekona kiyinishi, xushmuomalaligi bilan e’tiborimni tortgandi. Tengdoshlari orasida ham u bilimi, aqli va tabiiy go‘zalligi bilan ajralib turardi.
Hamkasblar bilan suhbatlarimizda ham u tez-tez tilga olinardi. Hamma ustozlar uni yaxshi ko‘rar, kelajagidan katta umid qilardi. Chunki u ijodkor, bilimga chanqoq, qalbida olima bo‘lish orzusini asrab yurgan qiz edi.
Afsuski, bu umidlar uzoqqa cho‘zilmadi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning xatti-harakatida, yurish-turishida keskin o‘zgarishlar ko‘rina boshladi. Qiz yuz-ko‘zini bo‘yab, o‘ziga xoslikni yo‘qotib, tashqi ko‘rinishiga ko‘proq ahamiyat berib qoldi. Surishtirib bilishimizcha, unga uydagilari so‘nggi rusumdagi smartfon olib berishgan va u ijtimoiy tarmoq orqali o‘zidan bir necha yosh katta yigit bilan tanishib, sevib qolgan.
Biz, ustozlar bu vaziyatda befarq qolmadik. U bilan suhbatlar o‘tkazdik, ta’limning, kelajakdagi mustaqil hayotning ahamiyatini tushuntirdik. “Sevgi – vaqtincha, ammo bilim – bir umrlik”, deb ko‘p gapirdik. Ammo bu maslahatlar unga kor qilmadi.
U maktabni tugatmasdan unashtirildi. Qo‘liga shahodatnomasini olmasdan turmush qurdi. Na ota-onasi, na ustozlar bu qaroridan qaytara oldi. Shu zahoti, ilm yo‘lida porlashi mumkin bo‘lgan bir iqtidor qishloq tog‘lari orasida so‘ndi.
Yaqinda u bilan tasodifan uchrashib qoldim. Suhbat davomida hayoti ancha qiyin kechayotganini aytdi. Uch yil ichida ikki farzandli bo‘lgan, ammo onalikka tayyor emasligini tan oldi. Ustozlar aytganini qilmaganidan afsusdaligini ham yashirmadi. Yuzida alam, qalbida orzulari so‘ngan qizning og‘rig‘i sezilib turardi.
Bu qissa orqali bitta haqiqat yana bir bor isbotini topadi:
Bugungi qarorlar ertangi taqdirni belgilaydi.
To‘g‘ri, sevgi inson hayotida muhim, ammo u aql va mas’uliyat bilan tarozilanmasa, endi boshlanishi kerak bo‘lgan umr yo‘lida og‘ir sinovlarga duch kelishi aniq.
Orzu qilgan kelajakka faqat sabr, mehnat va bilim bilan yetib borish mumkin. Har bir yosh, ayniqsa qiz bola bu hayotiy darsdan tegishli xulosa chiqarishi kerak. Chunki ular faqat bugunning emas, ertaning ham sohibalari.
Zahro Ibragimova.