Odil sudlovni ta’minlash uchun malakali kadrlar tayyorlash kerak

Yurtimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri odil sudlov sifatini oshirish va bu borada yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdir.
Bu vazifani amalga oshirishda Prezidentimizning 2025 yil 21 avgustdagi “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim ahamiyatga ega.
Farmonning birinchi bo‘limida sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etishdagi ustuvor maqsadlar belgilangan. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
- sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash;
- bo‘lajak sudyalarda mustaqil, xolis, beg‘araz, faqat qonunga tayangan holda va adolat bilan ish yuritishning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- tinglovchi va talabalarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ta’lim jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash;
- sudyalik lavozimlariga nomzodlar, sudya va sud apparati xodimlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy idrok (intellekt) imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish;
- sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan ta’minlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar o‘tkazish.
Farmonga asosan Sudyalar oliy maktabi faoliyatini tubdan isloh qilish masalasi ko‘rib chiqilgan. Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil etish belgilangan. Akademiya Sudyalar oliy kengashi huzurida faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Akademiyada ta’lim jarayoni “Ustoz–shogird” an’anasi asosida «bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi» tamoyiliga muvofiq tashkil etiladi. Bu esa ta’lim jarayonining amaliyotga yaqinligini ta’minlash va bo‘lajak sudyalarning kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
E’tirof etish joizki, farmonda belgilangan maqsad va vazifalar, shuningdek, Akademiyaning tashkil etilishi sud tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning yangi bosqichi ekanligini ko‘rsatadi. Ta’lim jarayoniga zamonaviy usullarni joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sud tizimining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Akademiyaning tashkil etilishi va uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarining belgilanishi kadrlar tayyorlash tizimining mustahkam poydevorini yaratadi. «Bo‘lajak sudyani sudya o‘qitadi» tamoyili esa, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga imkon beradi.
Ushbu Farmonda Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgarishlar va yangiliklar belgilangan. Jumladan, sudyalarni qayta tayyorlash tizimi tubdan isloh qilinib, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab yangi tartib o‘rnatiladi.
Shu o‘rinda, farmondagi asosiy o‘zgarishlar va yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tsak.
1. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash:
Akademiyada 6 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi (davlat granti asosida).
Kurslarga qabul qilinganlar asosiy ish joyidan ozod qilinadi va lavozimi saqlanadi.
Tinglovchilarga sudya yordamchisining bir oylik ish haqi miqdorida stipendiya to‘lanadi.
Nomzodlarning kasbiy munosibligi, obro‘-e’tibori, halolligi va layoqatliligi Sudyalar oliy kengashi tomonidan o‘rganiladi.
Qabul psixologiya, xorijiy tillar va sud ixtisosligi bo‘yicha test sinovlari, yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbat orqali amalga oshiriladi.
2. Ta’lim jarayoni:
Ta’lim «nazariya–amaliyot–imitatsiya» tamoyili asosida dual ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Amaliy mashg‘ulotlar deontologik uslubda o‘tkaziladi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, sud-ekspertiza va boshqa organlar faoliyatida ishtirok etish).
«Virtual sud» mashg‘ulotlari joriy etiladi (sud majlislarini kuzatish va sudyaning protsessual harakatlarini tahlil qilish).
Sun’iy idrok (intellekt) texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha o‘quv darslari tashkil etiladi.
Yakuniy attestatsiya:
Kurslarni tamomlaganda Sudyalar oliy kengashi rahbarligida idoralararo komissiya tomonidan yakuniy attestatsiya imtihoni o‘tkaziladi va muvaffaqiyatli o‘tganlarga sertifikat beriladi.
Sertifikatga ega bo‘lganlar bo‘sh sudyalik lavozimlariga tanlovlarda ishtirok etadilar.
Muxtasar aytganda, Prezidentning ushbu farmoni odil sudlov sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilib, hozirgi zamon talablariga javob beradigan munosib sudyalarni yetishtirib chiqarishga xizmat qiladi.
Luqmonboy Asatov,
Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.