Shahar hokimligi mahalliy byudjetlar xarajatlarini erkin va mustaqil ravishda shakllantiradi
- Mahalliy byudjetning 2020 yilga mo‘ljallangan qarorida joriy uchun shahar mahalliy byudjeti daromadlari va xarajatlari avvalgi yillardan farqli o‘laroq ma’lumot uchun kiritilmoqda, - deydi Samarqand shahar hokimligi moliya bo‘limi boshlig‘i Bekzod Mamadaliyev. - Buning mohiyati shundaki, shahar mahalliy byudjetiga tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar xalq deputatlar viloyat Kengashi tomonidan, shahar mahalliy byudjeti xarajatlari esa xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlash tartibi joriy etilgan.
Qolaversa, endi shahar hokimligi mahalliy byudjetlar xarajatlarini erkin va mustaqil ravishda shakllantiradi. Ya’ni, hokimlik o‘ziga biriktirilgan soliqlardan tushumlarni ko‘proq tushirsa, shunga mos ravishda xarajatlarni ham oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Agar mahalliy soliqlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlari bajarilmasa, shahar hokimligi shunga mos ravishda o‘z xarajatlarini ham qisqartirishi kerak bo‘ladi.
Mahalliy byudjetlar mustaqilligining oshirilishi munosabati bilan birinchi darajali xarajatlarning kafolatli to‘lanishini ta’minlash maqsadida joriy yildan umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining birinchi va ikkinchi guruh xarajatlarini moliyalashtirish Respublika byudjetidan amalga oshiriladi.
Buning natijasida, birinchidan, ishchilar soni jihatdan eng yirik sohalarda ishlovchi xodimlarga ish haqlari o‘z vaqtida yetib boradi.
Ikkinchidan, avtomatlashtirilgan yagona tizim yaratilib, ta’lim muassasalari rahbarlarining ta’limdan tashqari hisob-kitob ishlari, noqonuniy to‘lovlar soni keskin qisqaradi.
Shu bilan birga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan ijtimoiy nafaqalarni to‘lash hamda shahar davlat sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazini saqlash xarajatlari shahar byudjetiga viloyat byudjetidan o‘tkaziladi.