2021 yilda Samarqand viloyatining byudjet daromadlari prognozi 2,3 trillion so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda
«2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Samarqand viloyati hokimligi halq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, tuman, shahar faollari va tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida muhokama qilindi.
Videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Samarqand viloyati mahalliy byudjetining 2020 yildagi kutilayotgan ijrosi hamda 2021 yil byudjetining asosiy ko‘rsatkichlari loyihasi o‘rganib chiqildi. Tadbirda Moliya vaziri o‘rinbosari D.Sultonov hamda Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev ishtirok etdi.
2021 yilda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Samarqand viloyati bo‘yicha mahalliy byudjet daromadlari prognozi 2,3 trillion so‘mni, xarajatlari 3,7 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.
Daromad va xarajatlar o‘rtasidagi tafovutni qoplash maqsadida respublika byudjetidan 1,1 trillion so‘m transfert hamda 320,7 milliard so‘m o‘tkazib beriladigan daromadlar (mobil, alkogol aksiz solig‘i) belgilanishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda viloyat mahalliy byudjeti daromadlarini prognozlashtirish, xarajatlarni rejalashtirishda jahon va respublikamizda pandemiya davom etishi, jahondagi iqtisodiy o‘sish pasayishini inobatga olish hamda byudjetda yetarli zaxiralarni shakllantirishga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan tartibga solinuvchi soliq tushumlarini, ya’ni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini (jismoniy shaxslarning mol-mulklarini ijaraga berishidan oladigan yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyaga asosan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i bundan mustasno) viloyat va shahar-tumanlar mahalliy byudjetlari o‘rtasida bir xil me’yorlardan kelib chiqqan holda taqsimlash taklif etildi.
Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi axborot xizmati.